add

Tramp va Mirziyoyevning Nyu Yorkdagi uchrashuvi: O‘zbekiston–AQSH munosabatlari tarixiy burilish ostonasida

24.09.2025 | 01:1718234

Nyu Yorkda Mirziyoyev va Tramp uchrashdi. Prezidentlar yangi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Tramp va Mirziyoyevning Nyu Yorkdagi uchrashuvi: O‘zbekiston–AQSH munosabatlari tarixiy burilish ostonasida
23 sentyabr kuni Nyu York shahrida, BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbatda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari va ustuvor yo‘nalishlar batafsil muhokama qilindi. Muzokaralar avvalida Prezident Mirziyoyev Trampni ichki va tashqi siyosatdagi yutuqlari bilan tabrikladi. Shu bilan birga, u AQSH rahbarining xalqaro mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etishga qo‘shgan shaxsiy hissasini yuqori baholadi. Donald Tramp esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Tomonlar joriy yil 5 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida erishilgan kelishuvlarning bajarilishini ham ko‘rib chiqdilar. Suhbatda siyosiy muloqot va turli darajadagi aloqalarning jadal rivojlanayotgani alohida qayd etildi. Shuningdek, ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida faol muloqot va hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan eslatib o‘tildi. Donald Tramp kuni kecha O‘zbekiston yetakchisining AQSHning 50 dan ortiq yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan o‘tkazgan uchrashuv va muzokaralari natijalarini yuqori baholadi. Ushbu muzokaralar fuqaro aviatsiyasi, tog‘-kon sanoati, muhim minerallar, moliya, innovatsiyalar, kimyo va energetika kabi yo‘nalishlarda shartnoma va istiqbolli loyihalar portfelini yaratishga zamin bo‘ldi. Prezidentlar ta’kidlaganidek, mazkur loyihalar ikki mamlakatda o‘n minglab yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi. Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi. Uchrashuv ochiq, do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgani qayd etildi.

Teglar

Mavzuga oid