
Tramp va Putin uchrashuvi urushni yakunlashda sezilarli burilishga olib kelishi mumkinmi?
09.08.2025 | 21:4035816
Tramp Putin bilan 15 avgust kuni Alyaskada uchrashishini ma’lum qildi. The New York Times nashriga ko‘ra, AQSH prezidentining Putin bilan uchrashishga tayyorligi Kreml uchun diplomatik yutuq sifatida qaralmoqda. Xo‘sh, bu uchrashuv urushni tugata oladimi?

Putin uchrashuvdan nimani istaydi?
NYT nashrining ta’kidlashicha, ehtimol, Putin uchrashuvdan vaqtni cho‘zishning navbatdagi usuli sifatida, shuningdek, Vashington bilan tarang munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga urinish sifatida foydalanishi mumkin.
«Kengroq ma’noda, bu uchrashuv Putinning dunyoqarashiga to‘liq mos keladi — ya’ni yirik davlatlar o‘z ta’sir doiralarini o‘zi belgilashi kerak, xuddi 1945 yil Yaltada Stalin AQSH prezidenti Franklin D. Ruzvelt va Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Chyorchill bilan uchrashib, urushdan keyingi Yevropani bo‘lib olgani kabi», — deyiladi maqolada.
Putin, ehtimol, Tramp bilan har qanday uchrashuvda xuddi shu maksimalistik talablarni ilgari suradi: Sharqiy Ukrainani Rossiya hududi sifatida e’lon qilish; Ukrainaning NATOga kirishini to‘xtatish; sobiq SSSR hududida alyans kengayishini oldini olish; Ukraina qurolli kuchlari sonini cheklash va hukumatning Moskva bilan do‘stona munosabatini ta’minlash.
Tramp uchun nima xavf ostida?
Janob Trampning saylovoldi va’dalaridan biri — Ukrainadagi urushni 24 soat ichida to‘xtatish edi. Bu muddat ancha oldin o‘tgan bo‘lsa-da, u o‘zini hanuz kelishuvlar tuzish ustasi deb hisoblaydi. Shuningdek, u Nobel tinchlik mukofotini olish istagini yashirmagan va bu mukofotni Ukraina hamda boshqa nizolar bo‘yicha ko‘rsatgan sa’y-harakatlari bilan bog‘lagan.
AQSHning Rossiyaga ta’sir ko‘rsatish vositalari qanday?
Tramp urushni tugatish uchun Rossiyaga qattiq, to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qilgan bo‘lsa-da, ular ta’sir ko‘rsatmasligi mumkinligini tan olgan.
«Avvalgi Amerika prezidentlari tinchlik kelishuviga oid imtiyozlar evaziga uchrashuvlarga rozi bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo hozirda Putin o‘z pozitsiyasini o‘zgartirgani yoki bunday natijani qabul qilgani haqida hech qanday belgilar yo‘q», — deydi nashr.
Uchrashuv burilishga olib kelishi mumkinmi?
Urushning asosiy ishtirokchilaridan biri — Ukraina bu uchrashuvda ishtirok etmaydi. Tramp buning ortidan tez orada Zelenskiy bilan ham uchrashishini aytgan bo‘lsa-da, Kiyevning yo‘qligi natijalarni oldindan cheklaydi. Urush natijasiga katta qiziqish bildirgan Yevropa ham uchrashuvda qatnashmaydi.
Shu bilan birga, Ukrainaga urush keltirgan ulkan yo‘qotishlar va vayronagarchiliklarga qaramay, so‘rovlar natijalari ukrainaliklarning mutlaq ko‘pchiligi Kreml talab qilayotgan hududiy yoki boshqa yon berishlarni rad etayotganini ko‘rsatadi.
«Tomonlarning bir-biriga yon berishdan bosh tortishi uzoq vaqtdan beri muzokaralar orqali kelishuvga erishish urinishlarini to‘sib kelmoqda va hozirda optimizmga asos yo‘q», deyiladi nashr maqolasida.





