
Tramp Yevropa Ittifoqi bilan 1,3 trln dollarlik savdo kelishuvini e’lon qildi
28.07.2025 | 08:403953
AQSH prezidenti Donald Tramp Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bilan Shotlandiyada o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng Yevropa Ittifoqi bilan yangi savdo kelishuviga erishilganini ma’lum qildi.

Tramp bayonotiga ko‘ra, bu kelishuv AQSH tarixidagi «eng yirigi» hisoblanadi: Yevropa Ittifoqi AQSHdan 750 mlrd dollarlik energiya manbalari sotib oladi hamda Amerika iqtisodiyotiga qo‘shimcha 600 mlrd dollar investitsiya kiritadi. Shuningdek, Bryussel AQSH harbiy texnikasining «katta qismi»ni xarid qiladi.
Muzokaralar natijasida Yevropa Ittifoqi 1 avgustdan joriy etilishi kerak bo‘lgan 30 foizlik import bojlaridan omon qoldi. Uning o‘rnida AQSH Yevropadan keladigan mahsulotlar, jumladan avtomobillarga 15 foizlik boj joriy etadi. Shu bilan birga, Bryussel Amerika eksporti uchun bozorni ochadi va nol foizlik tarif qo‘llaydi.
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen yangi kelishuvni «barqarorlik va oldindan prognoz qilishga olib keluvchi qadam» deb atadi. AQSH savdo vaziri Hovard Latnik esa, Yevropa Ittifoqidan kelayotgan yarimo‘tkazgichlar va dori vositalariga nisbatan bojlar bo‘yicha qaror ikki hafta ichida qabul qilinishi mumkinligini ma’lum qildi.
Bu kelishuv AQSH va Yevropa o‘rtasidagi bir necha oylik savdo muzokaralari samarasidir. Tramp bahorda dunyoning 200 ga yaqin mamlakatiga «oinadagi aks kabi» bojlar joriy etilishini e’lon qilgan, Yevroittifoq uchun esa 20 foizlik tarif ko‘zda tutilgan edi.
Shuningdek, AQSH avvalroq Yevropadan kelayotgan po‘lat va alyuminiyga 25 foizlik boj joriy qilgan, keyin esa ular ikki barobarga oshirilgan edi.





