
Tramp yolg‘iz migrant bolalarni tezkor deportatsiya qilishga kirishmoqda
24.07.2025 | 10:1521723
AQSHda Tramp ma’muriyati yolg‘iz kelgan yosh migrantlarni «o‘z xohishi bilan chiqib ketish»ga rozi qilish orqali ularni tezkor deportatsiya qilish amaliyotini joriy qilmoqda. Bu, qonun himoyasida bo‘lgan bolalarga nisbatan avvalgi protokollardan jiddiy farq qiladi.
CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati tomonidan AQSHga yolg‘iz kelgan migrant bolalarni tezkor deportatsiya qilish uchun yangi amaliyot joriy qilinmoqda. Endi chegara xizmatchilari 14–17 yoshli bolalardan «o‘z xohishlari bilan» mamlakatni tark etishni istash-istamasliklarini so‘rashi mumkin. Agar rozilik bildirilsa, ular Ichki xavfsizlik departamentiga topshiriladi.
Avvalgi qoidalarga ko‘ra, bunday bolalar Himoya va insonparvarlik xizmatlari vazirligiga yuborilishi lozim edi. Ya’ni, ular traffiking qurbonlari yoki ta’qib tahdidi ostidaligini aniqlash maqsadida alohida ko‘rib chiqilar edi. Yangi amaliyot esa bu himoya mexanizmlarini chetlab o‘tish xavfini tug‘diradi.
Tartibga ko‘ra, agar migrant bola rozi bo‘lsa, 72 soat ichida deportatsiya amalga oshirilishi kerak. Aks holda, u avvalgidek HHSga yuboriladi. Muxolif huquqshunoslar buni bolalar huquqini poymol qilish, ularni tushunmovchilik va qo‘rquv orqali chiqib ketishga majburlash deb baholamoqda.
AQSH Qonunchilikka ko‘ra, faqat Kanada va Meksikadan kelgan bolalardan shunday ravishda chiqib ketish so‘raladi. Lekin yangi tartibda bu cheklov kengaytirilgan. Shuningdek, homiy sifatida bolalarni qabul qiluvchi oilalarga nisbatan tekshiruvlar kuchaytirilmoqda.
Tanqidchilar buni AQSHdagi immigratsiya siyosatining inson huquqlari va bolalar muhofazasiga zid ravishda keskin o‘zgartirilayotgani sifatida baholamoqda. «Bizning ko‘z o‘ngimizda bolalar huquqlarini himoya qiluvchi tizim parchalanmoqda», — deydi bolalar huquqi bo‘yicha huquqshunos Neha Desai.





