
Tramp Zelenskiyga Rojdestvogacha muhlat berdi — Financial Times
Ukraina tomoni «tinchlik rejasi»dagi qabul qilib bo‘lmas hududiy yon berishlar va AQSHning rad etib bo‘lmas istaklari orasida qolib ketgan.

AQSH prezidenti Donald Trampning vakillari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga Vashington taklif etgan tinchlik rejasi bo‘yicha javob berish uchun bir necha kunlik muhlat bergan. Bu haqda Financial Times gazetasi o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Muzokaralardan xabardor mas’ul amaldorlarning nashrga ma’lum qilishicha, Ukraina rahbari Yevropadagi ittifoqchilariga 6-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbati chog‘ida AQSH prezidentining vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner unga bosim o‘tkazib, taklif bo‘yicha tezkor qaror qabul qilishni talab qilganini so‘zlagan.
Financial Times suhbatdoshlaridan biri Tramp «Rojdestvogacha» (ehtimol, 25-dekabr nazarda tutilmoqda) bitim tuzishga umid qilayotganini bildirdi.
Nashrning ta’kidlashicha, AQSHning tinchlik rejasi Ukrainadan Amerika tomonining noaniq xavfsizlik kafolatlari evaziga hududiy yon berishga rozi bo‘lishni (Rossiya butun Donbassni talab qilmoqda) talab qilmoqda. Ukraina hukumati Rossiyaga hech qanday hududlarni topshirish variantini ko‘rib chiqmasligini bir necha bor ta’kidlagan.
Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, Zelenskiy Trampning vakillariga Vashington taklifiga javob berishdan oldin boshqa yevropalik ittifoqchilar bilan maslahatlashish uchun vaqt kerakligini aytgan. Kiyev AQSH Yevropasiz tinchlik rejasi bo‘yicha qaror qabul qilsa, bu G‘arb davlatlari birligiga putur yetkazishi mumkinligidan xavotirda.
G‘arb amaldorlaridan biri fikricha, Ukraina tomoni qabul o‘zi qila olmaydigan hududiy talablar va rad eta olmaydigan AQSH talablari o‘rtasida qolib ketgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner bilan uzoq suhbat o‘tkazganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Tramp Zelenskiyning Rossiyaning Ukraina bilan urushini to‘xtatish bo‘yicha Amerika rejasini imzolashga «tayyor emas»ligini aytdi. AQSH prezidenti Ukraina rahbari Vashingtonning tinchlik taklifini «hali o‘rganib chiqmagani»dan «biroz ko‘ngli qolganini» bildirdi.
AQSH vakillari bilan muzokaralardan so‘ng Zelenskiy Londonda Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya rahbarlari bilan uchrashdi. Muzokaralardan keyin u AQSHning tinchlik rejasi 28 banddan 20 bandga qisqartirilgani va undan ochiqchasiga «Ukrainaga qarshi» takliflar olib tashlangani haqida aniqlik kiritdi. Shuningdek, Zelenskiy Yevropa va Ukraina tinchlik rejasining o‘z versiyasini tayyorlayotganini ma’lum qildi.
Ilgari AQSH tinchlik rejasi tufayli Ukrainaga bosim o‘tkazayotgani haqida Axios nashri xabar bergan edi. Bundan tashqari, Ukraina rasmiy shaxslari jurnalistlarga Vashington Moskvadan ko‘ra Kiyevga ko‘proq tazyiq o‘tkazayotganini aytishgan.





