
Trampga nihoyat Nobel medali topshirildi
Oq uydagi yopiq uchrashuvda Mariya Korina Machado Nobel medalini AQSH prezidenti Donald Trampga ramziy sovg‘a sifatida taqdim qildi.

Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machado Vashingtondagi yopiq uchrashuvda AQSH prezidenti Donald Trampga Nobel Tinchlik mukofoti medalini taqdim etganini ma’lum qildi. Bu ikki rahbarning birinchi bevosita uchrashuvi bo‘lib, u Venesueladagi so‘nggi keskin siyosiy voqealardan so‘ng bo‘lib o‘tdi.
Machadoning aytishicha, medal ramziy ma’noga ega bo‘lib, u AQSH rahbarining Venesuela xalqining erkinligi yo‘lidagi sa’y-harakatlariga minnatdorlik ifodasi sifatida berilgan. Tramp esa ijtimoiy tarmoqda buni o‘zaro hurmat belgisi deb atadi va uchrashuvni katta sharaf sifatida baholadi.
Shu bilan birga, Oq uy Machadoni Venesuelaning yangi rahbari sifatida qo‘llab-quvvatlashdan tiyildi. AQSH ma’muriyati hozircha mamlakatdagi vaqtinchalik hokimiyat boshlig‘i Delsi Rodriges bilan ish olib bormoqda. Tramp uni ham ijobiy ta’riflab, so‘nggi muloqotlarni samarali deb atadi.
Oq uydan chiqqanidan so‘ng, Machado darvoza oldida to‘plangan tarafdorlariga murojaat qildi. Associated Press agentligiga ko‘ra, u ispan tilida «Biz prezident Trampga ishonamiz» degan.
Eslatib o‘tamiz, Norvegiya Nobel qo‘mitasi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini boshqa shaxsga, jumladan AQSH prezidenti Donald Trampga o‘tkazish imkoniyatini qat’iy rad etdi. Qo‘mita bu qarorni Nobel jamg‘armasi Nizomining 10-bandiga tayanib izohlab, mukofot bir marta berilgach, u abadiy kuchda qolishini ta’kidladi.
Qo‘mita bayonotida qayd etilishicha, mukofot beruvchi tashkilot qarori ustidan shikoyat qilish mumkin emas. Shuningdek, Nobel mukofoti na qaytarib olinadi, na taqsimlanadi va na boshqa shaxslarga topshiriladi. Qaror e’lon qilinganidan keyin u o‘zgarmas hisoblanadi.
Aniqlik kiritilar ekan, qo‘mita Stokgolm va Osloda faoliyat yurituvchi mukofot beruvchi idoralar hozirgacha biror laureatdan mukofotni qaytarib olish masalasini ko‘rib chiqmaganini bildirdi. Biroq bu holat qo‘mita laureatlarning keyingi faoliyatini kuzatmasligini anglatmaydi, deyiladi bayonotda.
2025 yil oktabr oyida tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machadoga «Venesuelada demokratiyani targ‘ib qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun» topshirilgan edi. Donald Tramp ham ushbu mukofotga nomzod sifatida ko‘rsatilgan, ammo g‘olib bo‘lmagan.





