add

«Trampga rahmat», «Uyquchi Bayden yo‘lidan yurmang», «Rossiya Isroil ham, Eron ham emas»: Ukraina va Rossiya Trampning yangi o‘t ochishni to‘xtatish muddatiga munosabat bildirdi

Avvalroq, AQSH prezidenti Donald Tramp Moskvaga «o‘n-o‘n ikki kun» muhlat berilishini aytgan edi.

«Trampga rahmat», «Uyquchi Bayden yo‘lidan yurmang», «Rossiya Isroil ham, Eron ham emas»: Ukraina va Rossiya Trampning yangi o‘t ochishni to‘xtatish muddatiga munosabat bildirdi
Dushanba kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinga bosimni kuchaytirish maqsadida Moskva tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan keng ko‘lamli urushni tugatish uchun muhokamalarga ajratilgan 50 kunlik muddatni keskin qisqartirishini ma’lum qildi. «Men prezident Putindan ranjidim, juda ham xafaman», — dedi Tramp Buyuk Britaniyaga tashrifi chog‘ida jurnalistlarga. — «Shuning uchun biz buni qayta ko‘rib chiqamiz. Avvalgi 50 kun o‘rniga ancha kamroq muddat belgilayman. Chunki, menimcha, natija qanday bo‘lishini allaqachon bilib turibman. Yangi muddatni belgilayapman — bugundan boshlab 10 yoki 12 kun. Kutishga hech qanday zarurat yo‘q». So‘nggi oylar davomida Oq uyda Rossiya rahbari Vladimir Putinga nisbatan norozilik ortib bormoqda. Chunki u bir necha marta o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha takliflardan yuz o‘girib kelayotgani barobarida, Ukraina shaharlariga uzoq masofali zarbalar va frontdagi hujumlarini yanada kuchaytirmoqda. Ukraina rahbarlari Donald Trampning bu bayonotini qo‘llab-quvvatladi va uni muhim siyosiy belgi sifatida baholadi. «Prezident Trampning aniq pozitsiyasi va qat’iy irodasi ayni vaqtida bildirildi. Chunki hozir kuch orqali haqiqiy tinchlikka erishish imkoni bor», - deb yozdi Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida. U so‘zini davom ettirib shunday dedi: «Prezident Trampga insonlar hayotini saqlab qolish va bu dahshatli urushni to‘xtatishga qaratayotgan e’tibori uchun minnatdorlik bildiraman. Ukraina tinchlikka sodiq qoladi va Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan birgalikda mamlakatlarimizni xavfsiz, kuchli va farovon qilish uchun tinmay harakat qiladi». Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Telegram'dagi bayonotida Donald Trampga samimiy minnatdorlik bildirdi. «Putin faqat kuchni anglaydi va bu unga ochiq, qat’iy va baland ovozda yetkazildi», - dedi Yermak Trampning so‘zlariga ishora qilib. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov seshanba kuni jurnalistlarga Kreml «prezident Trampning kechagi bayonotiga e’tibor qaratdi», deya ma’lum qildi. Biroq u Trampning so‘zlariga «baho berishdan tiyilishni afzal ko‘rishi»ni aytdi. Rossiyaning sobiq prezidenti va bosh vaziri, hozirda Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritayotgan Dmitriy Medvedev esa masalaga qat’iy va tanqidiy munosabat bildirdi. «Tramp Rossiya bilan ultimatum o‘yini o‘ynayapti: 50 kunmi yo 10 kun?» - deb yozdi u X tarmog‘ida. — «U ikki narsani unutmasligi kerak: 1. Rossiya — Isroil ham emas, Eron ham emas. 2. Har bir yangi ultimatum — tahdid va urush sari tashlangan navbatdagi qadam. Faqat Rossiya va Ukraina o‘rtasida emas, balki Amerika Qo‘shma Shtatlarining o‘zi uchun ham. Uyquchi Jo yo‘lidan yurmang!».

Teglar

Mavzuga oid

«Trampga rahmat», «Uyquchi Bayden yo‘lidan yurmang», «Rossiya Isroil ham, Eron ham emas»: Ukraina va Rossiya Trampning yangi o‘t ochishni to‘xtatish muddatiga munosabat bildirdi | Vaqt.uz