add

Trampning asosiy maslahatchisi asli toshkentlik bo‘lib chiqdi

08.07.2025 | 22:2048926

OCCRP ma’lumotlariga ko‘ra, haqiqiy ismi Serjio Goroxovskiy bo‘lgan bu odam 1986 yil 30 noyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U Tramp ma’muriyatidagi eng qudratli shaxslardan biri sifatida ko‘riladi. Ayni paytda Gor prezidentning kadrlar boshqarmasi direktori bo‘lib ishlaydi.

Trampning asosiy maslahatchisi asli toshkentlik bo‘lib chiqdi
Times of Malta va OCCRP ma’lumotlariga ko‘ra, 38 yoshli Oq uy kadrlar bo‘yicha direktori Serxio Gor Sovet Ittifoqi davrida O‘zbekistonda tug‘ilgani aniqlandi. Gor o‘zining kelib chiqishi haqida ma’lumot bermagan. The Washington Post gazetasining amaldorga bag‘ishlangan maqolasida u Maltadan kelgan muhojir sifatida tilga olingan. Donald Tramp ma’muriyati xodimining malta millatiga mansubligi The New York Post tabloidining iyun oyidagi nashrida ham qayd etilgan. Unda, shuningdek, Gorning maxfiy ma’lumotlarga ruxsat olish uchun zarur bo‘lgan tarjimai holi haqidagi hujjatlarni taqdim etmagani aytilgan. Amaldorning o‘zi gazetaga tug‘ilgan mamlakatini oshkor qilishdan bosh tortib, faqat Rossiya emasligini ta’kidlagan. Gorning tanishlari The Dispatch nashriga uning SSSRda tug‘ilganini aytishgan. Biroq, ilgari bunga boshqa dalillar mavjud emasdi. Times of Malta va OCCRP aniqlashicha, Oq uyning kadrlar bo‘yicha direktori aslida Serxio Goroxovskiy nomi bilan 1986 yil 30 noyabrda Toshkentda tug‘ilgan ekan. Bu ma’lumot jurnalistlar qo‘liga tushgan Gorning Maltadagi ko‘chmas mulki hujjatlarida keltirilgan. Amaldorning advokati Robert Garson o‘z mijozining Toshkentda tug‘ilganligini tasdiqladi. Tergovchilar ma’lumotlariga ko‘ra, Gor bolaligida Maltada kamida besh yil yashagan. Xususan, u 1996 yildan 1999 yilgacha Vittorioza shahridagi o‘g‘il bolalar uchun mo‘ljallangan katolik maktabida ta’lim olgan. Keyinchalik (aniq vaqti ko‘rsatilmagan) Gorning oilasi AQSHga ko‘chib o‘tgan va u yerda fuqarolik olgan. Jurnalistlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Gor Tramp ma’muriyatida ishlashidan avval ham Rossiyaga ikki marta tashrif buyurgan ekan. 2017 yilda u Vashingtondan Moskvaga uchib kelgan, Rossiya poytaxtida bir kun bo‘lib, ertasi kuni Rimga jo‘nab ketgan. 2018 yilda esa, o‘sha paytda respublikachi senator Rend Pol bilan hamkorlik qilayotgan Gor, Amerika libertarian tahlil markazi hisoblangan Katon instituti moliyalashtirgan tadbir doirasida Moskvaga tashrif buyurgan. Bu tashrif «Rossiya va AQSH bilan bog‘liq masalalarni o‘rganish, muhokama qilish va tahlil etish uchun faktlarni aniqlash safari» deb nomlangan. Gorning advokati uning Moskvaga safarlarini amaldorning «sayyohlikka ishqibozligi» bilan izohladi. Gorning 2017 yildagi Rossiya poytaxtiga tashrifini esa u «tranzit parvoz» deb atadi. Axios nashri Serxio Gorni Oq uydagi Trampning eng ta’sirli maslahatchilaridan biri sifatida ta’riflagan. Gor AQSH prezidentining o‘g‘li kichik Donald Tramp bilan hamkorlikda Tramp-katta va uning hamfikrlarining kitoblarini nashr etuvchi Winning Team Publishing nashriyotini tashkil etgan. 2020 yilda Gor Trampning saylovoldi kampaniyasi uchun mablag‘ to‘plashga mas’ul bo‘lgan, 2024 yilda esa hozirgi AQSH prezidenti kampaniyasiga deyarli 72 million dollar sarflagan Siyosiy harakatlar qo‘mitasini tuzgan. Oq uyda lavozimni egallagach, Gor Tramp ma’muriyati xodimlarining sodiqligini tekshirish tizimini joriy etgan.

Teglar

Mavzuga oid

Trampning asosiy maslahatchisi asli toshkentlik bo‘lib chiqdi | Vaqt.uz