
Tugatilgan «Yevroosiyo banki», TIV bayonoti va 38 millionga yetgan o‘zbeklar — 28 avgust dayjesti
28.08.2025 | 22:0011269
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

So‘mning mustahkamlanishi nimalarga ta’sir qiladi?
O‘tayotgan haftada O‘zbekiston so‘mi AQSH dollariga nisbatan biroz mustahkamlandi, lekin boshqa valyutalarga nisbatan qadrsizlanishda davom etmoqda. 2025 yilning yanvaridan buyon milliy valyuta dollarga nisbatan taxminan 4 foizga mustahkamlangan, ammo so‘m kursini baholashda faqat nominal kurs emas, balki real valyuta kursiga ham e’tibor qaratish zarur. Shuningdek, so‘mning o‘zgarishiga nafaqat dollar qiymati, balki ichki va tashqi iqtisodiy omillar ham ta’sir qilgan.
Tahlillarga ko‘ra, yanvar–aprel oylarida real kurs qadrsizlangan bo‘lsa, may–iyunda mustahkamlanish kuzatilgan, ammo iyulda qayta qadrsizlanish kuzatilgan. So‘mning qirg‘iz so‘miga nisbatan mustahkamlanishi esa ikki davlatdagi o‘rtacha ish haqi farqini kamaytirmoqda. Batafsil mazkur maqolada tanishishingiz mumkin.
UZCARD tizimi ishlamay qoldi
Bugun bir necha soat davomida Uzcard to‘lov tizimi ishlamay qoldi. Kompaniya tizimda rejadan tashqari profilaktika ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi, shu sababli bankomatlar, POS va E-POS terminallarida vaqtincha uzilishlar kuzatilgan. Fuqarolar kartalaridan mobil ilovalar yoki terminallar orqali to‘lov amalga oshira olmagan, Uzcard rasmiy sayti ham vaqtincha ishlamagan.
UZCARD — mamlakatda eng yirik to‘lov tizimlaridan biri bo‘lib, uning ishidagi uzilishlar aholi va biznesning kundalik moliyaviy faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
«Yevroosiyo banki» O‘zbekistondagi faoliyatini tugatishini e’lon qildi — sabablar
«Yevroosiyo banki» O‘zbekistondagi faoliyatini tugatishini e’lon qildi. Markaziy bankning xabar berishicha, bank ustav kapitali qonunchilikda belgilangan eng kam miqdorga yetkazilmagan va bank faoliyatiga oid boshqa talablar bajarilmagani sababli litsenziya qaytarib olingan. Shu bilan birga, bankning O‘zbekistondagi faoliyatidagi moliyaviy ko‘rsatkichlar ham salbiy bo‘lib, birinchi yarim yilda 51,6 mlrd so‘m zarar qayd qilingan.
Bank atrofidagi nizolar ham avjida, jumladan «Yevroosiyo moliyaviy kompaniyasi»ning aksiyadorlari orasidagi kelishmovchiliklar sudda muhokama qilinmoqda. «Yevroosiyo banki» rasmiy saytida O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatib, asosiy e’tiborni Qozog‘iston bozoriga qaratishi haqida ma’lum qilgan. Bu tahlil va kompaniya atrofidagi voqealar haqida batafsil ma’lumotni maqolaning to‘liq versiyasidan bilib olishingiz mumkin.
O‘zbekiston TIV Rossiyada so‘kish eshitgan haydovchi videosidan so‘ng bayonot berdi
Rossiyada mahalliy rus fuqarosi o‘zbekistonlik migrantga qarata «sen ruslarning qulisan», deb aytganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida e’tirozlar kuchaydi. Kecha Lavrov bilan gaplashgan Saidov voqeaga to‘xtalmagach, bugun Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi voqeaga umumiy tarzda munosabat bildirdi.
Vazirlik matbuot kotibining ta’kidlashicha, agar chet elda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari yoki qonuniy manfaatlari buzilsa, ular darhol o‘sha davlatning vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlariga murojaat qilishi lozim. Bu orqali ular o‘z huquqlarini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Zarur hollarda fuqarolar O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalariga murojaat qilib, huquqiy va konsullik yordamini olishlari mumkin. Vazirlik bu xizmatlar har bir fuqaro uchun ochiq va bepul ekanini qayd etdi.
O‘zbekiston aholisi 38 million kishiga yetdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 28 avgust soat 9:35 holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi 38 million kishini tashkil etdi. Bu aholi sonidagi yangi tarixiy belgi sifatida qayd etildi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, aholi tarkibining 19 million 136 ming 800 nafari erkaklar bo‘lsa, 18 million 863 ming 200 nafari ayollardir. Shunga ko‘ra, mamlakatda erkaklar soni ayollarga nisbatan 273 ming 600 nafarga ko‘p ekani qayd etildi.
Prezident 523 mahkumni afv etdi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mustaqillikning 34 yilligi munosabati bilan jami 523 mahkumni afv etish to‘g‘risida farmon imzoladi. Ulardan 195 nafar kishi jazodan to‘liq ozod qilinsa, 147 nafari shartli ravishda erkinlikka chiqarildi. Shuningdek, 87 nafar mahkumning jazosi yengilroq turga almashtirildi, yana 94 nafarining qamoq muddati qisqartirildi.
Afv etilganlar orasida 45 nafar ayol, 31 nafar 60 yoshdan oshgan kishi va 220 nafar 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar bor. Shu jumladan, bitta voyaga yetmagan shaxs ham afv qilindi. E’tiborli jihati, ular orasidan 8 nafar chet el fuqarosi, xususan, Tojikistondan 6 va Serra Leonedan 1 kishi hamda taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan 15 shaxs ham bor.





