
Tuman ekologiya bo‘limlari hokimlik tuzilmasiga o‘tkazilmaydigan bo‘ldi
Bo‘linmalar o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradi va yangi tashkil etilgan Ekologiya qo‘mitasi oldida hisobdor bo‘ladi.

Avvalroq prezidentining tegishli farmoni bilan bir qancha vazirliklar va tashkilotlarning tuman (shahar) bo‘linmalari hokimlik tuzilmasiga o‘tkazilishi haqida xabar qilingandi. Jumladan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining hududiy bo‘linmalari tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi.
Bu jamoatchilik faollarining ko‘plab e’tiroz va xavotirlariga sabab bo‘lgandi.
19-noyabr kuni prezidentning tegishli farmoniga asosan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tarkibidan chiqarilib, uning negizida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etildi.
Shuningdek, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Ekologiya qo‘mitasi o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdor hisoblanadi. Qo‘mita o‘z faoliyatini har qanday davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi hamda uning faoliyatiga ushbu mansabdor shaxslarning aralashuvi taqiqlanadi.
Qarorga muvofiq, hududiy bo‘linmalar va tuman (shahar) bo‘limlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasiga kirmaydi hamda o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradi va Ekologiya qo‘mitasi oldida hisobdor bo‘ladi.
Teglar






