add

Tun-u kun elektr ishlab chiqaradigan quyosh oynasi yaratildi

Bugun 18:581 daqiqa

Yangi shaffof quyosh oyna texnologiyasi kunduzi quyosh nuridan, kechasi esa binolar ichidagi yorug‘likdan foydalanib, uzluksiz elektr ishlab chiqara oladi.

Tun-u kun elektr ishlab chiqaradigan quyosh oynasi yaratildi

Janubiy koreyalik tadqiqotchilar kunduzi quyosh nurini, kechasi esa binolar ichidagi sun’iy yorug‘likni elektr energiyasiga aylantira oladigan yangi shffof quyosh oyna texnologiyasini ishlab chiqdi. Yangicha yondashuv yilning har qanday vaqtida va har qanday sharoitda barqaror energiya ishlab chiqarish imkonini beradi.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ushbu texnologiya energiya samarador binolarda oyna tushunchasini tubdan o‘zgartirishi mumkin. Loyiha rahbari professor Jun Yon-sok kelajakda ushbu yechim binolar fasadlari, avtomobillar oynasi va boshqa sanoat sohalarida qo‘llanilishini qayd etgan.

Yangi quyosh oynasi an’anaviy shffof fotoelektrik yechimlarda uchraydigan asosiy muammolarni — rang buzilishi va past ko‘rinish darajasini bartaraf etgan. Tizim yuqori darajadagi shffoflikni saqlagan holda, yorug‘likning tabiiy rangi va ravshanligini o‘zgartirmaydi.

Texnologiya asosida tarqatilgan Bregg qaytargichi (DBR) tuzilmasi hamda ikki tomonlama kremniy quyosh elementlari qo‘llanilgan. Ushbu optik tuzilma inson ko‘zi sezmaydigan yaqin infraqizil nurlarni quyosh elementlariga yo‘naltiradi, ko‘rinadigan nurlarni esa deyarli to‘liq o‘tkazib yuboradi.

Tajriba natijalariga ko‘ra, sistema 8,29 foiz quvvatni elektrga aylantirish samaradorligiga erishgan. Ko‘rinadigan yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 75,6 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu oddiy oyna darajasiga juda yaqin hisoblanadi. Shuningdek, rang aniqligini ko‘rsatuvchi CRI indeksi 93,8 darajaga yetgan.

Mutaxassislar bu ko‘rsatkichlar shaffof quyosh panellari sohasida muhim texnologik yutuq ekanini ta’kidlamoqda.

Teglar

Mavzuga oid