add

Tuproq degradatsiyasi milliy xavf darajasiga chiqmoqda

Bugun 15:481032 daqiqa

Yer resurslarining tanazzuli ekologiya muammosidan chiqib, oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanishga tahdidga aylanmoqda. Bu haqda «Ona Yer nidosi» hujjatli filmi suratga olindi.

Tuproq degradatsiyasi milliy xavf darajasiga chiqmoqda

Tuproq degradatsiyasi bugungi kunda insoniyat oldida turgan eng jiddiy ekologik muammolardan biri hisoblanadi. Xalqaro baholashlarga ko‘ra, dunyo quruqlik hududlarining qariyb 40 foizi turli darajada tanazzulga uchragan bo‘lib, bu holat 3,2 milliard nafar inson hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Markaziy Osiyo mintaqasida yer maydonlarining taxminan 37 foizi degradatsiyaga uchragan. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 26 foizni tashkil etadi.

Ushbu muammolarga jamoatchilik e’tiborini qaratish maqsadida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi, FAO’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda «Zamin Foundation» ko‘magida «Ona Yer nidosi» nomli hujjatli film suratga olindi. Kartina tuproq degradatsiyasining inson hayoti va iqtisodiyotga ta’sirini ochib berishga qaratilgan.

Film ilk bor joriy yil 4-dekabr kuni FAO’ning Italiyadagi bosh qarorgohida namoyish etildi. Keyinchalik uning taqdimoti O‘zbekistonda — Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Davlat agrar universitetida bo‘lib o‘tdi. Taqdimotlar davomida talabalar va mutaxassislar ishtirokida muhokamalar o‘tkazildi.

“Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva talabalar bilan muloqotda tuproq degradatsiyasi mintaqaning oziq-ovqat xavfsizligi uchun uzoq muddatli xavf ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muammoni yechish uchun ilmiy yondashuv, innovatsion agrotexnologiyalar va jamoatchilik ongini oshirish muhim ahamiyatga ega.

Filmda fermerlar, agronomlar va olimlarning kundalik mehnati orqali yer resurslarini asrash masalasi yoritilib, tuproq bilan bog‘liq muammolarni kechiktirmasdan hal etish zarurligiga urg‘u berilgan.

Teglar

Mavzuga oid