
Turk kompaniyalariga sanksiyalar qo‘llanildi
01.10.2025 | 22:3047332
Ularning ayrimlari ballistik raketalar, havo mudofaa tizimlari, vertolyotlar va harbiy aviatsiya uchun zarur texnologiya hamda uskunalar yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.

AQSH Moliya vazirligi Eronning harbiy-sanoat majmuasi uchun xalqaro ta’minot zanjirlariga aloqador 21 ta kompaniya va 17 nafar jismoniy shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Bu haqda vazirlik bayonotida ma’lum qilingan.
Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, cheklovlar Eron, Xitoy, Gonkong, Germaniya, Turkiya, Portugaliya va Urugvayda ballistik raketalar, havo hujumidan mudofaa tizimlari, vertolyotlar va harbiy aviatsiya ishlab chiqarish uchun zarur texnologiyalar hamda uskunalarni yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar va vositachilarga ta’sir ko‘rsatgan.
Vashington ta’kidlashicha, bu tarmoqlarning faoliyati «Eronning harbiy salohiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi va AQSH harbiy xizmatchilari, kemalari hamda fuqarolari uchun tahdid tug‘diradi». Sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan kompaniyalar va jismoniy shaxslarning barcha aktivlari AQSHda muzlatilishi lozim, ular bilan har qanday bitim tuzish man etiladi.
AQSH Moliya vazirligi ta’kidlashicha, cheklovlarni buzish fuqarolik yoki jinoiy javobgarlikka tortilishga, shu jumladan xorijiy moliya muassasalariga ikkilamchi sanksiyalar qo‘llanilishiga olib kelishi mumkin.





