
Turkiston tog‘larida o‘zbekistonlik sayyoh halok bo‘ldi
04.09.2025 | 19:1547223
Qutqaruvchilar bir necha kunlik izlanishlardan so‘ng yo‘qolgan sayyohlarni topgan. Ammo ulardan biri halok bo‘lgani aytilmoqda.

1996 va 1997 yillarda tug‘ilgan ikki yigit 31 avgust kuni Chimkentdan Turkiston tog‘lariga yo‘lga chiqqan, ammo qaytmagan. 1 sentyabr kuni Turkiston viloyati FVVga qarindoshlari tomonidan ular bilan bog‘lana olishmaganligi haqida xabar berishgan. Shundan so‘ng, «Sayram-Ugam» milliy bog‘ida 31 avgust kuni yo‘qolgan ikki sayyohni qidirish uchun bir necha kunlik keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazilgan. Bu haqda BAQ.KZ nashri xabar berdi.
Qidiruv ishlari 2200 metr balandlikda, Qasqaru qishlog‘idan taxminan sakkiz kilometr uzoqda olib borildi. Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, qutqaruvchilar yo‘qolganlardan biri bilan ovozli aloqa o‘rnatishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘ldoshi — 1996 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi — jarlikka qulagan va halok bo‘lgan.
Mavjud sharoit sabab vertolyot foydalanib bo‘lmagan. Shuning uchun Qozog‘iston alpinizm federatsiyasidan besh nafar mutaxassis jalb qilindi. Ular qutqaruvchilar bilan birgalikda tirik qolgan sayyohga yetib borishdi va marhum jasadini topishdi.
Jabrlanuvchi tog‘dan otda tushirildi, marhum tanasi esa qo‘lda olib chiqilib politsiyaga topshirildi. Qutqaruv ishlariga 18 kishi, 5 ta texnika, politsiya, o‘rmon xo‘jaligi xodimlari hamda FVV dron va aviatsiyasi jalb etilgani ma’lum qilindi.
Mas’ul idoralar ma’lumotiga ko‘ra, bu kabi hodisalar qiyin relef va xavfli sharoitlar tufayli yo‘lovchilardan ortiqcha ehtiyotkorlik va tayyorgarlikni talab etadi.





