
Turkiya Isroil bilan barcha savdo va iqtisodiy aloqalarni to‘xtatdi
30.08.2025 | 10:3023763
Anqara portlar va havo hududini yopib, Isroilga qarshi BMTda tashabbus boshladi.

Turkiya Isroil bilan barcha savdo va iqtisodiy munosabatlarni to‘xtatishga qaror qildi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Anadolu agentligiga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Turkiya Isroil fuqarolik va harbiy samolyotlari uchun havo hududini yopdi, shuningdek, turk portlari orqali Isroilga yo‘llangan yuklar — jumladan, qurol va o‘q-dorilar bilan to‘ldirilgan konteynerlar uchun ham yo‘lni berkitdi.
Fidanning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qaror Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlari, shuningdek, Suriya, Yaman va Livan hududlariga uyushtirgan havo zarbalariga javob tariqasida qabul qilingan.
«Biz 52 davlat ishtirokida BMTda Isroil harbiy mashinasini qo‘llab-quvvatlayotgan qurol-aslaha yetkazib berishni to‘xtatishga qaratilgan yirik tashabbusni boshladik», — dedi Fidan.
U Isroil hukumati siyosatini «insoniyatga qarshi irqiy rejim» deb atadi va HAMASga qarshi harbiy operatsiyani «genotsid» deb baholadi. Shuningdek, Isroilning Jo‘lan tepaliklarini bosib olishini va Damashqka zarba berishini qamrab olgan harbiy harakatlarini keskin qoraladi.
Turkiyaning bu qaroridan so‘ng 2023 yilda 6,8 mlrd bo‘lgan ikki davlat o‘rtasidagi umumiy tovar ayirboshlash jiddiy pasayishi kutilmoqda.





