add

Turkiyada turkiy davlatlar fuqarolari uchun ishga joylashish soddalashtirildi

14.10.2025 | 15:003543

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on turkiy mamlakatlar fuqarolariga ishlash va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni osonlashtiruvchi farmonni imzoladi. Bu qaror mehnat migratsiyasi sohasida yangi bosqichni boshlamoqda.

Turkiyada turkiy davlatlar fuqarolari uchun ishga joylashish soddalashtirildi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 10 oktyabr kuni turkiy davlatlar fuqarolarining mamlakatda ishga joylashishini soddalashtiruvchi farmonni imzoladi. Hujjat Turkiyaning rasmiy «Resmî Gazete» nashrida e’lon qilindi. Yangi tartibga ko‘ra, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston fuqarolari endilikda Turkiyada ishlash uchun murakkab ruxsatnoma jarayonlaridan o‘tmaydi. Ular davlat yoki xususiy sektorda tadbirkorlik va kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi. Faqat armiya va xavfsizlik tuzilmalarida xizmat qilish huquqi turkiy davlatlar fuqarolariga tatbiq etilmaydi. Shuningdek, ular Turkiya fuqarolari bilan bir qatorda kasbiy uyushmalarda ro‘yxatdan o‘tishi talab etiladi. Farmonga muvofiq, Turkiyada yashash va ishga joylashish uchun Turkiya fuqaroligini olish majburiyati ham bekor qilindi. Biroq bu fuqarolarga saylovlarda ishtirok etish yoki saylanish huquqini bermaydi. Mazkur qaror 2025 yil 7 oktyabrda Ozarbayjonda o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining 12-sammitidagi muhokamalardan so‘ng qabul qilindi. Sammitda davlat rahbarlari iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish va turkiy davlatlar o‘rtasida mehnat bozori erkinligini ta’minlash niyatida ekanini bildirgan edi. Eslatib o‘tamiz, Turkiy davlatlar tashkiloti 2009 yilda Turkiy kengash nomi bilan tashkil etilgan bo‘lib, 2021 yilda hozirgi nomini olgan. Tashkilot a’zolari qatorida Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston bor. Kuzatuvchi davlatlar esa Vengriya, Turkmaniston va qisman tan olingan Shimoliy Kipr Turk Respublikasidir.

Teglar

Mavzuga oid