add

Turkmanistonda ish haqi va pensiyalarni oshirishni to‘xtatish taklif etildi

24.09.2025 | 10:0038513

Turkmanistonda Xalq maslahati yig‘ilishida oqsoqollar tomonidan ish haqi, pensiya va nafaqalarni yilma-yil oshirish amaliyotini bekor qilish taklifi bildirildi.

Turkmanistonda ish haqi va pensiyalarni oshirishni to‘xtatish taklif etildi
Faxriy oqsoqol Yozmurod Otamurodov Gurbanguli Berdimuhamedov raisligida o‘tgan Xalq maslahati yig‘ilishida mamlakat rahbariyatining «baxtli xalq turmush darajasini barqaror o‘stirayotgan» siyosati natijasida aholining maishiy sharoiti yuqori darajaga yetgani va endi davlat mablag‘larini boshqa sohalarga yo‘naltirish mumkinlgini aytdi.
«Bunaqa imtiyozlar dunyoning hech bir mamlakatida yo‘q, tejalgan mablag‘larni mamlakat taraqqiyoti uchun ishlataylik» dedi Otamurodov.
Biroq Turkmen news yozganidek, bu taklif turkman ijtimoiy tarmoqlarida kuchli bahslarni keltirib chiqardi. Davlatga qarashli Turkmenportal esa izohlarni o‘chirib qo‘ydi. Foydalanuvchilar asosiy e’tiroz sifatida inflyatsiya rasmiy 10 foizdan ancha yuqori ekanini qayd etdi: masalan, go‘sht narxi yarim yilda ikki baravarga qimmatlashgan. Talabalar formasi esa oilalarga taxminan 12 ming manatga (600 dollar) tushadi, bu esa kredit olishga majbur qiladi. Shu bilan birga, mamlakatda minimal pensiya 550 manat (27,5 dollar), nafaqa esa 520 manat (26 dollar)dan oshmaydi. Bu sharoitda ko‘plab turkman fuqarolari oqsoqolning so‘zlarini hayotiy voqelikka to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi. Rasmiylar hozircha bu tashabbusga munosabat bildirmadi. Ammo o‘tmishda shunga o‘xshash bayonotlar imtiyozlarni bekor qilishga olib kelgan. Xususan, 2015 yilda aytilgan «xalq shunchalik yaxshi yashayaptiki, xizmatlar uchun bemalol to‘laydi» degan gap ortidan gaz, suv va elektrga berilgan imtiyozlar yo‘qotilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Turkmanistonda ish haqi va pensiyalarni oshirishni to‘xtatish taklif etildi | Vaqt.uz