add

Uchta hududda hokimlar o‘zgardi

Guliston shahri, Bo‘ka va G‘ijduvon tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi.

Uchta hududda hokimlar o‘zgardi

Bugun, 25-noyabr kuni O‘zbekistonning qator hududlari hokimlari ishdan bo‘shatildi.

Jumladan, Jamoliddin Hojimanov Guliston shahri hokimi lavozimidan bo‘shatilib, uning o‘rniga IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan Farrux O‘ktamjonov tayinlandi.

Ma’lumot uchun, Jamoliddin Hojimanov 2024 yilning mart oyidan buyon shahar hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi. Undan avval shaharga 2020 yilning yanvar oyidan To‘lqinjon Dadabayev rahbarlik qilib, 2024 yilning fevralida sog‘lig‘idagi muammolar sabab o‘z arizasi bilan ishdan ketgandi.

Shuningdek, Bo‘ka tumani hokimi Begmatov Baxtiyor Faxriddinovich lavozimidan ozod etilib, Xalq deputatlari Bo‘ka tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Sardor Isoqulov tuman hokimi lavozimiga tayinlandi.

Shu bilan birga, G‘ijduvon tumaniga 2021 yildan buyon rahbarlik qilib kelgan Sherzod Ashurov ishdan olindi. Uning o‘rnini sobiq deputat va Vobkent tumani sobiq hokimi Farhod Umarov egalladi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 19-noyabr kungi yig‘ilishda Chiroqchi va Denov hokimlari hamda ularning birinchi o‘rinbosarlarini ishdan olishni belgilagandi.

Bundan tashqari, mazkur yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev Bosh vazirga ko‘zbo‘yamachilik bilan yondashgan 20 ta tuman hokimiga nisbatan o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rishni topshirgandi. Ular orasida G‘ijduvon tumani hokimi ham bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid

Uchta hududda hokimlar o‘zgardi | Vaqt.uz