
UEFAda Isroil klublari taqdiri hal bo‘ladi: ular musobaqalardan chiqarilishi mumkin
21.09.2025 | 16:0035343
UEFA Ijroiya qo‘mitasi seshanba kuni Isroil milliy jamoasi va klublarini barcha musobaqalardan chetlatish masalasini muhokama qilishi kutilmoqda.

UEFA Ijroiya qo‘mitasi 23 sentyabr, seshanba kuni Isroil milliy jamoasi va mamlakat klublarini Yevropa musobaqalaridan vaqtincha chetlatish masalasida ovoz berishi kutilmoqda. Mazkur tashabbus atrofida qizg‘in diplomatik kurash davom etmoqda.
Politico va bir qator manbalarga ko‘ra, Qatar so‘nggi hafta davomida UEFA a’zolariga bosim o‘tkazib, mazkur masalani kun tartibiga kiritish tashabbusini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, hozirda faqat ikki yoki uch davlat bu qarorga qarshi chiqmoqda, qolganlar esa Isroilni musobaqalardan chiqarish tarafdori.
Isroil Futbol assotsiatsiyasi esa vaziyatni yumshatish va ovoz berishga yo‘l qo‘ymaslik uchun turli kanallarni ishga solmoqda. Manbalarning xabar berishicha, tashkilot rasmiylari UEFA nufuzli shaxslari bilan kunu-tun muloqot qilmoqda va diplomatik aloqalardan faol foydalanmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, agar ushbu qaror qabul qilinsa, Isroil klublari Yevropa ligalari, Chempionlar ligasi va boshqa musobaqalarda ishtirok etish huquqidan mahrum bo‘ladi. Bu nafaqat sport sohasiga, balki mamlakatning xalqaro imijiga ham jiddiy zarba bo‘lishi mumkin.
Aynan qaysi mamlakatlar qarshilik ko‘rsatayotgani hozircha ochiqlanmagan. Biroq UEFAdagi ko‘pchilikning pozitsiyasi Isroilga qarshi qaror qabul qilinishi ehtimolini kuchaytirmoqda. Qaror qabul qilinsa, u Yevropada futbol tarixidagi eng rezonansli siyosiy qadamlardan biri sifatida qayd etilishi mumkin.





