
Ukraina 2026 yildagi urush xarajatlarini 120 mlrd dollarga baholadi
23.07.2025 | 08:4010184
Ukraina kelasi 2026 yilda Rossiyaga qarshi urush uchun kamida 120 mlrd dollar zarur bo‘lishini ma’lum qildi. Bu mablag‘ning yarmini Kiyev YeI va NATO hamkorlari yordamida jalb qilishni maqsad qilgan.

Ukraina mudofaa vaziri Denis Shmigal 16 iyul kuni ushbu bayonotni berib, G‘arb davlatlari bilan muzokaralar aniq va amaliy bosqichga o‘tganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina o‘zining jangovar tajribasi, texnologiya va innovatsiyalari bilan sheriklarini ulushdor etishga tayyor. Jumladan, litsenziya berish, qo‘shma korxonalar yaratish va ishlab chiqarish quvvatlarini sherik davlatlarda ochish taklif qilinmoqda.
Shuningdek, Shmigal Ukraina harbiy sanoatini rivojlantirish, xususan, FPV-dronlar, uzoq masofali pilotsiz qurilmalar va egallab oluvchi tizimlar ishlab chiqarishga investitsiya jalb qilish zarurligini qayd etdi.
Avvalroq, Ukraina mudofaa vazirligining sobiq rahbari Rustem Umerov 2025 yilda mamlakatda 4 mln dan ortiq dron ishlab chiqarilishi va ularning «o‘n minglab» qismi Rossiya hududidagi harbiy ob’ektlarga zarba berish uchun ishlatilishini aytgan edi.
Ayni paytda, Yevropa Ittifoqi tomonidan Ukrainaga ajratilgan 50 mlrd yevroli yordam fondi yakunlanmoqda. Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayenning ma’lum qilishicha, 2028–2034 yillar uchun rejalashtirilgan yangi byudjeti doirasida Kiyev uchun yana 100 mlrd yevro ajratish taklif qilingan.
Bu mablag‘lar grantlar va kreditlar shaklida Ukraine Facility jamg‘armasi orqali Ukrainaga yo‘naltiriladi. Jamg‘arma urush vaqti va undan so‘ng mamlakatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.
Urush boshlanganidan buyon YeI Ukrainaga 160 mlrd yevroga yaqin yordam ko‘rsatgan. 2025 yilda YeI davlatlari 23 mlrd yevroga teng harbiy yordam va 30 mlrd yevrogacha kreditlar berishga kelishib olgan. Shuningdek, Avstraliya ham Ukrainaga 49 ta Abrams tankini o‘z ichiga olgan 160 mln dollarlik yordam taqdim etgan.





