
Ukraina AQSHning Eronga qarshi amaliyotlarini qo‘llab-quvvatladi
23.06.2025 | 12:2039942
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi AQSH tomonidan Eronga nisbatan amalga oshirilgan harbiy amaliyotlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Kiyev Vashington harakatlarini ochiq qo‘llab-quvvatladi va yuzaga kelgan vaziyat uchun Tehronni aybdor deb hisoblashini bildirdi.
Bayonotda ta’kidlanishicha, aynan Eron rahbariyatining hujumkor siyosati, Isroil hamda boshqa davlatlarga nisbatan dushmanona munosabati va xalqaro maydondagi buzg‘unchi faoliyati mintaqadagi keskinlikka sabab bo‘lgan.
Ukraina, shuningdek, Eronning yadroviy dasturi global xavfsizlik uchun jiddiy tahdid ekanini qayd etdi. Mamlakat yadro qurolidan ixtiyoriy voz kechgan davlat sifatida, mazkur dastur to‘xtatilishi kerakligini talab qilishda o‘zini ma’naviy haqli deb hisoblamoqda.
Tashqi ishlar vazirligi Eron Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushda texnik yordam ko‘rsatayotganini ham ta’kidladi. Jumladan, fuqarolar va muhim infratuzilmalarga zarba berishda foydalanilayotgan dronlar hamda texnologiyalarni yetkazib berayotgani aytilgan. Shu bilan birga, Tehron Yaqin Sharqda o‘z proksi guruhlari orqali beqarorlikni kuchaytirishda davom etmoqda.
Ukraina Eron rahbariyatini Rossiyani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga chaqirdi. Kiyevning fikricha, “kuch orqali tinchlik” tamoyili mintaqaviy va Yevropa xavfsizligini mustahkamlashda hal qiluvchi omil bo‘ladi.





