
Ukraina bo‘yicha Abu Dabidagi muzokaralar: tomonlar ilk kunni samarali deb baholadi
Rossiya, AQSH va Ukraina delegatsiyalari Abu Dabida o‘tgan muzokaralarni samarali deb baholadi, ammo asosiy kelishuvlar keyingi bosqichlarga qoldirildi.

Rossiya, AQSH va Ukraina o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaralarning birinchi kuni Abu Dabida yakunlandi. Oq uy vakillari muzokaralar samarali o‘tganini ma’lum qildi va tomonlar muloqotni 24-yanvar, shanba kuni davom etirishga kelishib olgan. Ilk kun yakunlariga ko‘ra, hech bir tomon muzokaralarni to‘xtatish yoki jarayondan chiqish niyatida emas.
Muzokaralar maksimal darajada yopiq formatda o‘tdi. Jurnalistlar taklif qilinmadi, uchrashuv o‘tkazilayotgan aniq joy oshkor etilmadi. Manbalarga ko‘ra, delegatsiyalar o‘z poytaxtlariga oraliq natijalar haqida axborot beradi.
BAA Tashqi ishlar vazirligi muzokaralar boshlanganini Toshkent vaqti bilan taxminan soat 20:30 larda e’lon qildi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy jamoasi muzokaralar bir nechta formatlarda o‘tganini, delegatsiyalar mavzularga qarab guruhlarga bo‘linganini bildirdi.
Muhokama qilingan masalalar
Asosiy muhokama mavzulari xavfsizlik masalalari, ehtimoliy bufer zona va uni nazorat qilish mexanizmlari bo‘ldi. TASS ma’lumotiga ko‘ra, ayrim raundlarda faqat xavfsizlik arxitekturasi muhokama qilingan, boshqa bosqichlarda esa hududiy masalalarga e’tibor qaratilgan.
Volodimir Zelenskiy hududiy masalani muzokaralarning markaziy mavzusi sifatida atadi. Shu bilan birga, AQSH vakillari nazorat mexanizmlari va ehtimoliy kelishuvning ijrosini ta’minlash usullarini muhokama qilgan.
«Hozir ularda [delegatsiyalarda] kamida Rossiya taqdim etadigan javoblarning bir qismi bo‘lishi kerak, eng asosiysi — Rossiya o‘zi boshlagan bu urushni tugatishga tayyor bo‘lmog‘i kerak. Bu borada Ukraina pozitsiyalari o‘ta aniq», — deb yozdi Zelenskiy o‘z «Telegram» kanalida.
Amerika prezidenti Donald Tramp muzokaralar jarayonini sharhlar ekan, tomonlar o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazilishini ijobiy baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hatto oliy darajadagi uchrashuv bo‘lmasa ham, muzokaralar davom etishi muhim hisoblanadi. Tramp Moskvadan muayyan yon berishlar kutilayotganini ham bildirdi.
Jarayonning orqa foni
Abu Dabidagi muzokaralarga Rossiya prezidenti Vladimir Putinning AQSH delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan avvalgi uchrashuvi zamin yaratdi. Unda Vashingtonning Kiyev va Yevropa davlatlari bilan aloqalari, shuningdek, keyingi qadamlarni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilingan.
Tomonlar muzokaralarni shanba kuni davom etirish orqali ehtimoliy kelishuv parametrlarini yanada aniqlashni rejalashtirmoqda. Ilk kun yakunlari hozircha yakuniy qarorlar qabul qilinmaganini, biroq muloqot barbod bo‘lmaganini ko‘rsatmoqda.





