
Ukraina frontida Starlink ishdan chiqdi: har ikki tomonda ommaviy uzilishlar
Frontning ikki tomonida ham «Starlink» terminallari ishdan chiqqani haqida xabarlar tarqaldi, sabab esa hali rasman ochiqlanmadi.

4-fevral kuni kechqurun Ukrainadagi urush fronti bo‘ylab «Starlink» sun’iy yo‘ldosh aloqasida ommaviy uzilishlar kuzatilgani haqida Rossiyadagi Z-kanallar va harbiy blogerlar xabar berdi. «Romanov Layt» Telegram kanali muallifi Vladimir Romanovning yozishicha, «butun front bo‘ylab Starlinkʼlar ishdan chiqqan», shu jumladan qarshi tomonda ham. Ushbu ma’lumotni «Zapiski Vyeterana», «Voyennыy osvedomitel» va boshqa harbiy kanallar ham tasdiqlagan.
Rossiya harbiy blogerlari «Starlink»ka muqobil aloqa vositalari deyarli mavjud emasligini, ko‘plab jarayonlar, jumladan jangni boshqarish ham aynan shu tizimga bog‘lab qo‘yilganini ta’kidlamoqda. «Dva mayora» kanali esa uzilishlar ehtimol texnik nosozlik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.
Ukraina tomoni izohi
Ukraina tomonidan esa vaziyat biroz boshqacha tasvirlanmoqda. Ukraina harbiylari ayrim foydalanuvchilarda uzilishlar bo‘layotganini, biroq terminallar umuman ishdan chiqmaganini bildirgan. Shu bilan birga, «Zerkalo nedeli» nashri manbalari Ukraina Qurolli kuchlarida ayrim «Starlink» terminallari ishlamayotganini tasdiqlab, bu uskunalar hukumat tomonidan joriy etilgan maxsus «oq ro‘yxat»ga kiritilmagani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Ma’lumki, «Starlink» rasman Rossiya hududida ishlamaydi. Shunga qaramay, Rossiya armiyasi ushbu terminallardan, xususan, dronlar orqali hujumlarni amalga oshirishda foydalanib keladi. Terminallar Rossiyaga uchinchi davlatlar orqali noqonuniy ravishda kiritilayotgani haqida ham bir necha bor xabar berilgan.
Ilon Maskka murojaat
Yanvar oyi oxirida Ukraina mudofaa vaziri lavozimiga tayinlangan Mixail Fyodorov «SpaceX» rahbari Ilon Maskka murojaat qilib, «Starlink»dan Rossiya tomoni foydalanishining oldini olishni so‘ragan edi. Ilon Mask kompaniya tomonidan muayyan choralar ko‘rilganini va ular « ish bergani ko‘rinib turgani»ni aytgan.
Shundan so‘ng Ukraina hukumati Starlink terminallari uchun «oq ro‘yxat» tizimini joriy etgan, unga kiritilmagan qurilmalar esa avtomatik ravishda o‘chirib qo‘yilishi belgilangan.





