add

Ukraina quruqlikda ham Rossiya armiyasini falaj qilmoqchi — The Washington Post

08.09.2025 | 10:4026174

The Washington Post nashrining yozishicha, Ukraina dengizda amalga oshirgani kabi Rossiya armiyasini quruqlikda ham falaj etish strategiyasini ko‘zlamoqda.

Ukraina quruqlikda ham Rossiya armiyasini falaj qilmoqchi — The Washington Post
The Washington Post nashrida e’lon qilingan tahliliy maqolaga ko‘ra, Ukraina yangi strategiya sifatida Rossiyaning qurolli kuchlarini quruqlik va havoda falaj qilishni maqsad qilmoqda. Muallifning fikricha, Kiyev bu yo‘l bilan dengizdagi muvaffaqiyatini quruqlikda ham takrorlamoqchi. Maqolada aytilishicha, bu rejalar AQSH prezidenti Donald Trampning tinchlik o‘rnatish urinishlari muvaffaqiyatsiz bo‘lganini ko‘rsatadi. Muallifning ta’kidlashicha, Tramp «bo‘sh tahdidlar» bilan chiqish qilgan va «aniq bo‘lmagan muddatlar» belgilagan, natijada urush to‘xtamagan. Harbiy tahlilchilar fikriga tayangan holda, urush hech bir tomon uchun hal qiluvchi bosqichga kirmagani qayd etiladi. Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Andriy Zagorodnyukning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat endi Rossiyaning harbiy yutuqlariga yo‘l qo‘ymaslik strategiyasini qabul qilgan. Uning ta’kidlashicha, Ukraina hujumlarga javob berishdan tashqari, Rossiyaning taktik rejalarini ilgaridan yo‘qqa chiqarishga intiladi. «Rossiya kurashni davom ettirishi mumkin, ammo agar biz ushbu modelni amalga oshira olsak, ular g‘alaba qilolmaydi», — degan Zagorodnyuk. Rossiya generali Valeriy Gerasimovning so‘nggi chiqishi esga olingan: u hali ham hujumlarni davom ettirish niyatida ekanini aytgan. Ammo maqolada ta’kidlanishicha, Rossiya yozgi kampaniya davomida «faol yutuq» qayd etolmagan va AQSHning baholashicha, Rossiyaning yo‘qotishlari o‘lgan va yaralanganlar hisobida milliondan oshgan. «Ayrim janglarda Rossiya har bir ukrainalik qurbon uchun 12 nafardan ortiq yo‘qotish bergan», — deb yozadi maqola muallifi. Uning qayd etishicha, Ukraina Rossiyani harbiy maqsadlariga yetib bormaslikka majbur qilish va doimiy urush sharoitida yashashni o‘rganishga intilayapti. Buning eng muhim qismi esa samarali havo himoya tizimi qurishdir. Muallif Ukraina strategiyasini «strategik pessimizm» deb ataydi. «Kavaleriya kelmayapti. Tramp urushni bir kun yoki bir yil ichida to‘xtatish niyatida emas. Yevropa esa bu bo‘shliqni to‘ldirishga harakat qilyapti, lekin u tinchlik shartnomasi imzolanmagunicha xavfsizlik kafolatlarini bera olmaydi», — deyiladi maqolada.  

Teglar

Mavzuga oid