
Ukraina Rossiyaning yirik neft zavodlaridan to‘rtinchisiga hujum qildi
06.10.2025 | 08:2026873
5 oktyabr tongida Nijniy Novgorod oblastidagi «Lukoyl»ga qarashli neft qayta ishlash zavodiga dronlar hujum qildi. Kuchli portlash va yong‘in sodir bo‘ldi.

5 oktyabr kuni tongda Rossiyaning Nijniy Novgorod oblastida joylashgan «Lukoyl-Nijegorodneftesintez» neft qayta ishlash zavodiga dronlar hujum qildi. Bu haqda mahalliy OAV va telegram-kanallar xabar berdi. Manbalarning ma’lum qilishicha, hujum tungi soat 02:30 atrofida amalga oshirilgan.
Kstovo shahri aholisi sanoat hududidan kamida to‘rt marta kuchli portlash ovozini eshitganini ma’lum qildi. Zavod tomonida yorqin alanga va qop-qora tutun ko‘ringan. Hodisa joyiga yong‘in xavfsizligi xizmatlari va qutqaruvchilar jalb etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Lukoyl»ning ushbu korxonasi Rossiyadagi to‘rtinchi yirik neft qayta ishlash majmuasi hisoblanadi. Zavod yiliga taxminan 17 mln tonna neftni qayta ishlaydi va 50 dan ortiq turdagi neft mahsulotlarini — avto, avia va dizel yoqilg‘ilari hamda bitum ishlab chiqaradi.
Kstovodagi mazkur korxona Ukraina bilan chegaradan taxminan 800 kilometr uzoqlikda joylashgan. Hozircha Rossiya tomoni hodisa haqida rasmiy izoh bermagan, portlash oqibatida jabrlanganlar haqida ham ma’lumot yo‘q.
Kuzatuvchilar ta’kidlashicha, so‘nggi oylarda Rossiyaning turli hududlaridagi sanoat infratuzilmalari, xususan, energetika va neft qayta ishlash ob’ektlariga dron hujumlari keskin ko‘paygan. Buning oqibatida Rossiyada benzin tanqisligi kelib chiqmoqda.





