
Ukraina va Rossiya halok bo‘lgan harbiylarning jasadlarini almashdi
Ukrainaga 1000 nafar harbiy, Rossiyaga esa 38 nafar harbiyning jasadi qaytarilgan.

2026 yilda Rossiya va Ukraina o‘rtasida halok bo‘lgan harbiylar jasadlarini almashish bo‘yicha ilk amaliy harakat amalga oshirildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya tomoni Ukrainaga 1000 nafar harbiy xizmatchining jasadini topshirgan, Ukraina esa Rossiyaga 38 nafar harbiyning jasadini qaytargan. Bu haqda Rossiya Davlat dumasi deputati, hukmron partiya vakili Shamsail Saraliyev ma’lum qildi, deb yozmoqda The Moscow Times nashri.
Saraliyevning so‘zlariga ko‘ra, almashuv jarayoni xalqaro gumanitar me’yorlarga muvofiq tashkil etilgan. Bu jarayonda Qizil Xoch tashkiloti vositachilik qilgani ta’kidlangan. Tarqatilgan suratlarda maxsus himoya kiyimidagi xodimlar, refrijerator yuk mashinalari hamda Xalqaro Qizil Xoch ramzi tushirilgan avtotransport vositalari aks etganini ko‘rish mumkin.
Ukraina tomoni ham ushbu ma’lumotni rasman tasdiqlagan. Asirlar bilan ishlash bo‘yicha Ukraina shtabi bergan bayonotga ko‘ra, Rossiya tomoni bergan 1000 ta jasad ukrainalik harbiylarga tegishli ekani ma’lum qilingan. Shuningdek, Qizil Xoch tashkilotiga amaliy yordam uchun minnatdorlik bildirilgan.
Bayonotda qayd etilishicha, hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sud-tibbiy ekspertlar ishtirokida jasadlarni identifikatsiya qilish ishlari olib boriladi. Bu jarayon halok bo‘lgan harbiylarning shaxsini aniqlash va ularni yaqinlariga topshirish uchun muhim hisoblanadi.
Almashuvning aniq joyi ochiqlanmagan. Biroq Ukraina shtabi tarqatgan suratlardan birida «Chernigov» yo‘l belgisi ko‘ringani, jarayon mamlakatning shimolida, Belarus va Rossiyaning Bryansk viloyatiga yaqin hududda bo‘lib o‘tganini taxmin qilinmoqda.
Ma’lumot uchun, 2025 yil davomida tomonlar o‘rtasida 14-marta shunday almashuv amalga oshirilgan. Ushbu jarayonlar doirasida Ukrainaga 14 ming 480 ta, Rossiyaga esa 391 ta jasad qaytarilgan.





