
Ukraina yaqin kunlarda 17 ta Patriot tizimini qabul qilishi kutilmoqda
26.07.2025 | 09:3016883
Ukraina Qurolli Kuchlari yaqin vaqt ichida yangi zamonaviy havo mudofaa tizimlari bilan ta’minlanadi. Bu loyiha AQSH va NATO hamkorligida amalga oshirilmoqda va uning moliyalashtiruvchisi — Yevropa Ittifoqi.

Bu haqda Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy o‘zining Telegram kanali orqali ma’lum qildi. Uning aytishicha, yangi HHH tizimlari allaqachon Ukrainaga yetkazilishi arafasida. Ammo aynan qaysi kunda bu qurollar frontga yetib borishi borasida aniq ma’lumot berilmadi.
Sirskiyning ta’kidlashicha, bu yangi bosqich AQSH va NATOning Ukraina havo himoyasi bo‘yicha yangi rejasining bir qismi hisoblanadi. U bu masalani NATOning Yevropadagi qo‘shinlari Bosh qo‘mondoni, AQSH harbiy-havo kuchlari generali Aleksus Grinkevich bilan muhokama qildi. Ushbu uchrashuvda Ukraina QK Bosh shtabi boshlig‘i Andriy Gnatov hamda NATOning Ukrainadagi xavfsizlik va tayyorgarlik bo‘yicha missiyasi rahbari general-leytenant Kertis Bazzard ham ishtirok etdi.
Bundan oldin Sirskiy The Washington Post nashriga bergan intervyusida Ukraina Rossiyaning havodan uyushtirgan hujumlariga qarshi samarali kurash olib borish uchun yangi HHH tizimlari, zenit raketalari, tutuvchi dronlar va yengil aviatsiyaga muhtoj ekanini aytgandi.
Uning fikricha, Ukrainaga qo‘shimcha Patriot tizimlari, o‘rta va uzoq masofali raketa komplekslari — jumladan, ATACMS — kerak. Shuningdek, Ukraina Germaniyadan Patriotdan tashqari «Taurus» qanotli raketalarini ham talab qilmoqda.
Ayni paytda AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan ham Ukrainaga 17 ta Patriot ZRK yetkazib berilishi bo‘yicha bayonot berilgan. Bu NATO mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.





