
Ukraina zarbalari Trampning pozitsiyasini o‘zgartirdi — The Economist
06.10.2025 | 23:003414
Ukraina dron hujumlari orqali Rossiya neft sanoatiga jiddiy zarar yetkazmoqda, bu esa Donald Trampning Ukrainaga munosabatiga ta’sir qilgani aytilmoqda.

The Economist nashrining yozishicha, Ukraina Rossiyaning energetika infratuzilmasiga zarbalarni kuchaytirib, mamlakat neft qayta ishlash salohiyatini keskin pasaytirdi. Avgustdan beri dron hujumlari soni haftasiga ikki-uch martadan to‘rt-besh martagacha oshgan va tez orada kundalik tus olishi mumkin. So‘nggi kunlarda Ukrainaning Fire Point FP-1 dronlari Novorossiysk terminali, Boshqirdistondagi zavod hamda Chuvashiyadagi nasos stansiyasiga zarba bergan.
Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, Rossiyadagi neft qayta ishlash quvvatlarining taxminan 40 foizi jabr ko‘rgan, 20 foizi esa to‘liq to‘xtatilgan. Bu kuniga bir million barreldan ortiq yoqilg‘i yo‘qotishini anglatadi. Ayrim zavodlar, jumladan Ryazandagi yirik NQIZ, bir necha bor hujumga uchragan. Sanksiyalar tufayli uskunalar yetkazib berish qiyinlashgani sabab, benzin va dizel ishlab chiqarishdagi uzilishlar ayni vaqtda juda xavfli hisoblanmoqda.
Dizel eksporti 30 foizga kamayib, 2020 yildan buyongi eng past darajaga tushdi. Rossiya ichida yoqilg‘i tanqisligi va AYOQSHlardagi uzun navbatlar kuzatilmoqda. Qrimda yoqilg‘i sotish cheklangan — har bir avtomobilga 30 litrdan oshmasligi belgilangan. Moskva esa javob sifatida dizel eksportiga qisman taqiq joriy etdi va benzin eksportiga bo‘lgan taqiqni yil oxirigacha uzaytirdi.
Ukraina hujumlarda kuniga 100 dan ortiq ishlab chiqarilayotgan Fire Point FP-1 dronlaridan foydalanmoqda. Ularning parvoz masofasi 1500 km, bahosi esa taxminan 55 ming dollarni tashkil etadi. Shuningdek, yangi FP-5 «Flamingo» qanotli raketalari 3000 km masofadagi ob’ektlarni 1 tonnadan ortiq zarbdor qismi bilan nishonga olish imkoniyatiga ega.
Tahlilchilarning fikricha, Ukraina bu orqali Rossiyaning urushni moliyalashtirish salohiyatini izdan chiqarishni ko‘zlamoqda. Rossiya aholisi esa hujumlar oqibatini kun sayin ko‘proq his qilmoqda. The Economist nashrining ta’kidlashicha, neft zavodlariga doimiy zarbalar AQSH prezidenti Donald Trampning Ukrainaga nisbatan munosabatini ham qayta ko‘rib chiqishiga turtki bo‘lgan. Jumladan, Ukrainaga 3 ming km olislikka ucha oluvchi Tomohawk qanotli raketalarini berish muhokama qilinmoqda.





