
Ukrainada tinchlik yaqin: Tramp kelgusi haftadayoq Putin bilan shaxsan uchrashmoqchi — NYT
07.08.2025 | 08:2049655
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, shundan so‘ng u Rossiya va Ukraina prezidentlari bilan birgalikda uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Tramp Yevropa yetakchilari bilan telefon orqali suhbat chog‘ida o‘zining bu niyatlarini oshkor qilgan. NYT manbalarining ta’kidlashicha, Tramp yevropalik yetakchilarni muzokaralarga chaqirmoqchi emas.
Bungacha AQSH prezidenti Donald Tramp 2025 yil 6 avgust kuni o‘zining maxsus vakili Stiv Uitkoffning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvini «katta yutuq» deb baholadi. Uning aytishicha, Stiv Uitkoff Moskvadagi muzokaralarda muvaffaqiyatga erishgan. Bu haqda Tramp Truth Social tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirgan.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Uitkoffning Putin bilan uchrashuvi 2022 yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini ortidan boshlangan 3,5 yillik urushni tugatishga bag‘ishlangan. Tramp Yevropa Ittifoqi davlatlariga ham uchrashuv mazmuni bo‘yicha ma’lumot berganini aytdi. Shu bilan birga, Oq uydan ma’lum qilishlaricha, Vashington juma kuni ikkinchi darajali sanksiyalar joriy etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu sanksiyalar Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarni davom ettirayotgan davlat va kompaniyalarga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, Stiv Uitkoffning Moskvaga bu safari joriy yildagi beshinchi tashrifi bo‘ldi. U va Putin avvalroq 11 fevral, 13 mart, 11 aprel va 25 aprel kunlari ham uchrashishgan. Ushbu muzokaralar natijalari Trampning siyosiy dasturi doirasidagi tinchlik tashabbuslari bilan bog‘liq holda baholanmoqda. AQSH Rossiyaga bevosita yordam ko‘rsatayotgan davlatlar yoki tashkilotlar uchun iqtisodiy choralarni kuchaytirish niyatida. Ikkinchi darajali sanksiyalar esa shu yo‘nalishdagi eng qattiq bosim mexanizmlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Donalod Tramp va yevropalik hamkorlar bilan qo‘ng‘iroqlashgach, o‘zinining an’anaviy tungi videomurojaatida «aftidan, Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘proq qiziqish bildirayapti», dedi. «Biz Rossiyada aytilgan gaplarni muhokama qildik. Aftidan, Rossiya endi o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘proq qiziqish bildirayapti. Ularga qilinayotgan bosim ish bermoqda. Endi muhimi ular bizni va AQSHni detallarda aldab ketmasligi kerak», — degan Zelenskiy. Avvalroq kecha Moskvada o‘tgan muzokara chog‘ida Putin AQSHga ma’lum «signallar» bergani, bunday signallar AQSH prezidenti Donald Trampdan ham olingani haqida xabar qilgan edik.




