
Ukrainadagi urush AQSH–Rossiya to‘qnashuviga aylanishi mumkin — Pentagon
14.05.2025 | 13:0016773
AQSH generali Gregori Giyo (Gregory M. Guillot) Ukrainadagi mojaro chuqurlashsa, bu Rossiya va AQSH o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy to‘qnashuv xavfini kuchaytirishini aytdi.

AQSH Qurolli kuchlari va NORAD rahbari, general Gregori Giyo Senatdagi eshituvlarda so‘zga chiqib, Ukrainadagi urush to‘rtinchi yilga kirgani va vaziyat keskinlashgan taqdirda AQSH hamda Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy to‘qnashuv ehtimoli ortayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya, Xitoy, Shimoliy Koreya va Eron birgalikda AQSH bilan ochiq to‘qnashuvdan qochishga intilayotgan bo‘lsa-da, G‘arb zaiflashayapti degan qarash ularni faollashtirmoqda.
Giyo ayni paytda Rossiya va Xitoyning Arktikada o‘tkazayotgan qo‘shma mashg‘ulotlari va shimoliy koreyalik harbiylarning Kurskdagi janglarda ishtirok etishini ham xavotirli alomat sifatida tilga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi vaziyat AQSHni Eron va uning proksi guruhlari bilan to‘qnashuvga olib kelishi mumkin. Tayvan va Janubiy Xitoy dengizi atrofidagi muammolar esa Xitoy bilan harbiy muammolarga olib borishi ehtimoli bor.
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens esa aprel oyidagi bayonotida Ukrainadagi urush yana bir necha yilga cho‘zilsa, yadroviy qurol ishlatilishi mumkinligini aytgan. U G‘arbda urush Rossiya mag‘lubiyati va Ukraina g‘alabasi bilan yakunlanadi degan qarash hukm surayotgani, lekin bu voqelikka to‘g‘ri kelmasligini qayd etgan.
Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu esa NATO harbiylari Ukrainaning «Rossiyaning tarixiy hududlari»ga kirsa, bu uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkinligini aytgan.





