
Ukrainadagi urushda ikki tomonning yo‘qotishlari 1,4 millionga yetdi — CSIS
04.06.2025 | 22:4544013
The New York Times nashrining CSIS tahliliga tayanib yozishicha, Rossiya Ukrainada 1 million, Ukraina esa 400 ming harbiy yo‘qotgan. Bu II jahon urushidan keyin urushdagi eng yirik qurbonlar soni hisoblanadi.

Vashingtonda joylashgan Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil 24 fevralda boshlangan Rossiya–Ukraina urushida umumiy yo‘qotishlar soni 1,4 million kishiga yetgan. Bu haqda The New York Times 3 iyun kuni xabar berdi.
Tahlillarga ko‘ra, Rossiya tomoni 250 mingga yaqin harbiyni yo‘qotgan, ya’ni halok bo‘lgan. Umumiy yo‘qotish (ya’ni jarohatlangan va halok bo‘lganlar) taxminan 1 million kishi deb baholangan. Ukraina esa 400 ming harbiyni yo‘qotgan, shundan 60–100 ming atrofidasi halok bo‘lgan, deyiladi CSIS xulosasida.
CSIS tahlilchilari ta’kidlashicha, bu raqamlar to‘liq aniq emas, chunki Rossiya rasman o‘z yo‘qotishlarini kamaytib ko‘rsatadi, Ukraina esa bu haqda umuman rasmiy ma’lumot bermaydi. Hisobot AQSH va Britaniya hukumatlari ma’lumotlariga tayanadi.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, sovet ittifoqi yoki Rossiya ishtirok etgan hech bir urush Ukrainadagi mojaro kabi katta yo‘qotishlarga olib kelmagan. Masalan, II jahon urushida sovet ittifoqi qariyb 8,7 million harbiysidan ajralgan.
Rossiya 2024 yil boshidan buyon Ukraina hududining faqat 1 foiziga nazorat o‘rnata olgan. Hozir umumiy hisobda Ukraina hududining taxminan 20 foizi Rossiya nazoratida.
CSIS tahlilchisiga ko‘ra, Rossiyaning bu urushda to‘liq g‘alabaga erishishi uchun AQSH o‘z yordamini to‘xtatishi zarur. «Agar Tramp AQSHni yordam ko‘rsatishdan chiqarib olsa, Putinda imkoniyat paydo bo‘ladi. Aks holda u jiddiy muammolarga duch keladi», — deyiladi xulosada.





