
Ukrainadan Rossiyagacha yetib boradigan raketa ishlab chiqarilmoqda
21.08.2025 | 18:0015703
Ukrainada 3000 km masofani bosib o‘ta oladigan yangi «Flamingo» raketasi kuniga bittadan ishlab chiqarilmoqda.

Associated Press xabariga ko‘ra, raketa ishlab chiqarish zavodidagi videolavhalar ommaga e’lon qilingan. Ma’lumotga ko‘ra, raketa dastlabki namunasida bo‘yoq xatosi tufayli pushti rangda chiqqan va unga «Flamingo» nomi berilgan. Hozir zavod ishchilari rok musiqa ostida 3000 km uzoqlikka yetib boruvchi raketalar hamda 1600 km masofaga parvozga mo‘ljallangan dronlarni yig‘moqda.
Hozircha ishlab chiqarish quvvati kuniga birtadan bo‘lsa-da, zavod rahbariyati 2025 yil oktyabrigacha bu ko‘rsatkichni kuniga yettigacha yetkazishni maqsad qilgan. Ushbu raketalar yaqin vaqtda Rossiyaning neft qayta ishlash zavodlari va o‘q-dori omborlariga qarshi ishlatilishi kutilmoqda.
«Fire Point» kompaniyasi 2022 yildan beri qurol ishlab chiqarishga yo‘nalish olgan. 2023 yilda zavod kuniga 30 ta FP-1 dronini ishlab chiqargan bo‘lsa, bugunga kelib ishlab chiqarish 100 taga yetgan. Har bir FP-1 dronining narxi 55 ming dollarga teng.
60 kilogrammlik portlovchi yukka ega FP-1 dronlari Rossiya hududidagi zarbalarning taxminan 60 foizi uchun mas’ul bo‘lib, asosan neft zavodlari va qurol omborlariga yo‘naltirilgan.
Qurol sanoatini rivojlantirish orqali Ukraina nafaqat Rossiyaga qarshi turishni, balki kelgusida Yevropa ittifoqi davlatlariga ham eksport hajmini kengaytirishni maqsad qilmoqda. Mamlakat qurol xarid agentligi rahbari Arsen Jumadilov «eng yaxshi kafolat — o‘z kuchimiz bilan o‘zimizni himoya qilishdir», deya ta’kidladi.





