
Ukrainaga ko‘pmillatli qo‘shin joylashtirilishi va AQSHdan xavfsizlik kafolati va’da qilinmoqda
Parijda Fransiya, Buyuk Britaniya va Ukraina rahbarlari o‘t ochish to‘xtagandan so‘ng Ukrainada ko‘pmillatli qo‘shin joylashtirish to‘g‘risida deklaratsiyani imzoladi.
Parij shahrida bo‘lib o‘tgan «Ko‘ngillilar koalitsiyasi» uchrashuvi yakunlariga ko‘ra, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kiyr Starmer va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina hududida ko‘pmillatli qo‘shin joylashtirishni nazarda tutuvchi deklaratsiyani imzoladi. Hujjat o‘t ochish to‘xtatilgandan keyin xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan.
Uchrashuvda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Mers, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kiyr Starmer, NATO bosh kotibi Mark Ryutte hamda boshqa g‘arb davlatlari vakillari ishtirok etmoqda.
Polsha bosh vaziri Donald Tusk matbuot anjumanida Parij deklaratsiyasi Yevropa va AQSH tomonidan Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari berishga tayyorlikni tasdiqlashini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur hujjat barqaror tinchlikka erishish yo‘lida muhim siyosiy signal hisoblanadi.
Emmanuel Makron esa uchrashuv yakunlariga bag‘ishlangan bayonotida deklaratsiya kelajakda Rossiya va Ukraina o‘rtasida tuzilishi mumkin bo‘lgan tinchlik kelishuvi buzilishining oldini olishga xizmat qilishini ta’kidladi. Fransiya prezidentining aytishicha, Yevropa davlatlari uzoq muddatli tinchlik uchun aniq majburiyatlarni o‘z zimmasiga olmoqda.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kiyr Starmer o‘t ochish to‘xtagandan keyin Fransiya va Buyuk Britaniya Ukraina hududida harbiy bazalar va markazlar tashkil etishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu qadam Ukraina xavfsizligini mustahkamlash va yangi harbiy tahdidlarning oldini olishga qaratilgan.
AQSH Ukrainaga urush tugagach Rossiya tomonidan ehtimoliy yangi tajovuzlarga qarshi xavfsizlik kafolatlari taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Bloomberg» nashri Kiyev ittifoqchilari muhokama qilayotgan deklaratsiya loyihasiga tayanib xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, AQSH Ukraina hududida joylashtirilishi mumkin bo‘lgan Yevropa harbiy kuchlarini qo‘llab-quvvatlaydi hamda razvedka ma’lumotlari almashinuvini ta’minlaydi. Shuningdek, rejada o‘t ochishni to‘xtatish chizig‘ini monitoring qilish, Ukraina Qurolli kuchlariga ko‘mak berish va sulhni ta’minlash uchun ko‘pmillatli kuchlar tashkil etish nazarda tutilgan.
Volodimir Zelenskiy esa «Ko‘ngillilar koalitsiyasi» doirasida harbiy kuchlarni joylashtirish, ularning soni va qurol-yarog‘ turlari bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqilganini bildirdi.
Shuningdek, Ukraina tomoni AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff va AQSH prezidentining kuyovi Jared Kushner bilan tinchlikdan keyingi monitoring masalalarini muhokama qilgan. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, AQSH tomoni ham yangi Rossiya agressiyasini jilovlash mexanizmlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
6-yanvar kuni AQSHning NATO huzuridagi doimiy vakili Metyu Uiteker Parijdagi «Ko‘ngillilar koalitsiyasi» uchrashuvi ayrim kelishuvlarni, jumladan Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini yakunlash bilan tugashi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro yakunlanishiga yaqinlashilmoqda.
Teglar






