add

Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish jamg‘armasi tuzilib, unga 900 mlrd so‘m ajratildi

Bugun 17:201112 Daqiqa

O‘zbekistonda tashkil etilgan yangi ekologik jamg‘armaga 900 milliard so‘m yo‘naltirilib, uning muayyan qismi dollar kursi tushgani hisobiga tashqi qarzlardan tejalgan mablag‘ning bir qismi hisobidan shakllantirildi.

Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish jamg‘armasi tuzilib, unga 900 mlrd so‘m ajratildi

O‘zbekiston Ekologiya qo‘mitasi huzurida Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etildi. Prezident qaroriga muvofiq, jamg‘armaga 2025 yilda respublika byudjetidan 900 milliard so‘m ajratiladi. Bu mablag‘ning muayyan qismi davlat qarziga xizmat ko‘rsatish uchun rejalashtirilgan to‘lovlar hisobidan shakllantirilmoqda.

Oktabr oyi oxirida Markaziy bank rahbari Temur Ishmetov so‘mning mustahkamlanishi natijasida davlat qarzi bo‘yicha to‘lovlarda 1,3 trillion so‘m tejalganini ma’lum qilgandi. Mana shu mablag‘ning bir qismi natijada ekologik dasturlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi.

Qarorga ko‘ra, 2026 yilda jamg‘arma mablag‘lari «Yashil makon» loyihasi, sanitar tozalash ishlari, cho‘llanish va qum ko‘chishining oldini olish, himoya o‘rmonlari barpo etish hamda o‘rmon xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish kabi yo‘nalishlarga mo‘ljallangan 548 milliard so‘mni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, hayvonot va o‘simlik dunyosi hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning kadastr tizimlarini yuritish xarajatlari ham jamg‘arma hisobidan moliyalashtiriladi.

2026 yil 1-yanvardan boshlab uglerod birliklari savdosidan tushumlarning 20 foizi, atrof muhitga yetkazilgan zarar uchun jarima va kompensatsiya to‘lovlarining belgilangan qismlari hamda import qiladigan transport vositalari uchun to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imining 10 foizi jamg‘armaga yo‘naltiriladi.

2027 yildan esa ushbu yo‘nalishlar sezilarli darajada kengaytirilib, utilizatsiya yig‘imlarining 90 foizgacha bo‘lgan qismi jamg‘arma manbalariga qo‘shiladi.

Pnevmatik shinalar va boshqa texnik vositalar uchun joriy etiladigan yangi utilizatsiya to‘lovlari ham 2027 yildan to‘liq jamg‘arma manbalariga o‘tadi. Bu orqali ekologik resurslarni barqaror boshqarish, chiqindilarni kamaytirish va hududlarda ekologik xavfsizlikni kuchaytirish maqsad qilinadi.

Yangi tashkil etilgan jamg‘arma boshqaruv kengashi 9 a’zodan iborat bo‘ladi, shulardan to‘rt nafari jamoatchilik vakillaridan shakllantiriladi. Kengashning asosiy vazifasi — jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishda ochiqlik, hisobdorlik va samaradorlikni ta’minlashdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ekologiya vazirligi Vazirlar Mahkamasidan mustaqil qo‘mitaga aylantirilganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish jamg‘armasi tuzilib, unga 900 mlrd so‘m ajratildi | Vaqt.uz