
Uoll-strit afsonasi O‘zbekistonni tanladi: Jim Rojers deyarli barcha o‘zbek aksiyalarini sotib oldi
Taniqli investor portfelini to‘liq O‘zbekiston aksiyalariga yo‘naltirib, mahalliy bozorga ishonch bildirdi.

«Rogers Holdings» egasi Jim Rojers «RBK» nashriga bergan intervyusida Rossiya va AQSHdagi aktivlarini sotib yuborganini hamda 2025 yil yakuniga kelib o‘z portfeliga O‘zbekiston kompaniyalarining aksiyalarini qo‘shganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Rojers birjada savdoga qo‘yilgan «aksiyalarning aksariyatini» sotib olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday aksiyalar «unchalik ko‘p emas» va u «deyarli barchasini» xarid qilgan.
Hozirda «Toshkent» respublika fond birjasida bank, neft-gaz, telekommunikatsiya va boshqa sohalarga oid 85 ta kompaniya aksiyalari muomalada mavjud.
Ma’lum bo‘lishicha, uning portfeli faqat o‘zbek emitentlari aksiyalaridan iborat. Shuningdek, Rojers O‘zbekiston milliy valyutasi — so‘mga ishonishini va valuta xatarlarini sug‘urtalamaganini aytgan.
Rojers O‘zbekiston fond bozoriga bo‘lgan qiziqishini 2021 yildayoq ochiq bayon qilgan edi, biroq u paytda mamlakatda aktivlarga ega bo‘lmagan. Forbes nashri bilan suhbatda u O‘zbekiston iqtisodiyoti «nihoyat ochilganini» ta’kidlab, xususiylashtirish jarayonlari va kutilayotgan IPO'larni kuzatib borishini bildirgan.
Ma’lumot uchun: Jim Rojers va Jorj Soros 1970 yillarda Quantum Fund jamg‘armasiga asos solgan. O‘n yil ichida mazkur jamg‘arma taxminan 4 200 foiz daromad keltirgan — vaholanki, o‘sha davrda AQSH fond bozori 50 foizdan ham kamroq o‘sish ko‘rsatgan edi. Jamg‘armaning mislsiz muvaffaqiyati Rojersga 37 yoshidayoq biznesni tark etib, nafaqaga chiqish imkonini bergan. Keyinchalik u o‘zining investitsiya kompaniyasini tashkil etdi, sarmoya kiritishda davom etdi, dars berdi, sayohat qildi va kitoblar yozdi.





