
Urushni to‘xtata olmagan suhbat: Bush va Putin Iroq urushi arafasida qo‘ng‘iroqlashgan
AQSHning «Milliy xavfsizlik arxivi» 2003 yil 18-mart kuni — Iroq bosqini atigi ikki kun oldin bo‘lib o‘tgan o‘ta maxfiy telefon muloqoti tafsilotlarini e’lon qildi.

AQSHning sobiq prezidenti Kichik Jorj Bush 2003 yilda Iroq urushi boshlanishi arafasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgan. Suhbat chog‘ida tomonlar yagona pozitsiyaga kela olishmagan bo‘lsa-da, ikki tomonlama munosabatlarni saqlab qolishga intilgan. Bu haqda AQSH hukumatining «Milliy xavfsizlik arxivi» (National Security Archive) ijtimoiy tadqiqot tashkiloti tomonidan e’lon qilingan maxfiylikdan chiqarilgan hujjatlar ma’lumot bermoqda.
Suhbat tafsilotlari
Telefon muloqoti 2003 yil 18-martda bo‘lib o‘tgan, AQSH va uning ittifoqchilarining Iroqqa bostirib kirishi esa 20-mart kuni erta tongda boshlangan.
«Ushbu qo‘ng‘iroq – 2003 yil martidan ancha oldin boshlangan qator telefon muloqotlarining o‘ziga xos yakunidir, suhbatlar davomida Putin Bushni Iroqqa bostirib kirmaslikka ko‘ndirishga harakat qilgan», – deyiladi xabarda.
Prezidentlarning pozitsiyasi
Bush Iroqdagi operatsiya masalasida Putinning qo‘llab-quvvatlashiga erisha olmaganiga qaramay, Amerika prezidenti ikki tomonlama munosabatlarning ijobiy xarakterini saqlab qolishga intilgan. Bush, shuningdek, Putinga «Amerika qarshi kayfiyatini kuchaytirmagani» uchun minnatdorlik bildirib, uning pozitsiyasini qadrlashini ta’kidlagan.
«Siz o‘z firkringizni izchil himoya qildingiz, lekin shu bilan birga munosabatlarimizga hurmat bilan yondashdingiz va men buning uchun sizga minnatdorlik bildirmoqchiman», – deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi nashr mualliflari.
O‘z navbatida, Putin «diplomatiya va Yaqin Sharqdagi Amerika-Rossiya hamkorligining ijobiy natijalari haqida gapirib, bosqinni so‘nggi bor to‘xtatishga uringan». Rossiya prezidenti kelishmovchiliklarning jiddiyligiga qaramay, Rossiya va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarning fundamental ahamiyati ustuvor bo‘lib qolishini ta’kidlagan. Suhbat davomida u BMT Nizomi va xalqaro huquq normalariga murojaat qilgan holda, Bushga uning operatsiyadan maqsadi rejimni o‘zgartirish ekanligi haqidagi bayonotlarini eslatgan.
«Biroq, bu na BMT Nizomida, na xalqaro huquqda ko‘zda tutilgan», – deya tushuntirgan Rossiya davlat rahbari. Putin Bushga «biz xalqaro qoidalarga amal qilishimiz kerak, shunchaki biz kuchlimiz-ku, deb boshqa davlatga bostirib kirmasligimiz kerak», deb e’tiroz bildirgan va jarayonni BMTga qaytarish zarurligini qo‘shimcha qilgan.
Bunga javoban Bush BMT doirasidagi jarayon yakunlangan deb hisoblashini bildirgan. Natijada, hujjatda qayd etilishicha, prezidentlar murosaga kelmagan. Suhbat yakunida Putin Bushni «Iroqdagi voqealar qanday rivojlanishidan qat’i nazar» Sankt-Peterburgga taklif qilgan. Amerika prezidenti Sankt-Peterburgni «dunyodagi eng buyuk shaharlardan biri» deb atab, taklifni qabul qilishga umid bildirgan.
Tarixiy ma’lumot
AQSHning Iroqqa bostirib kirishi 2003 yil 20-martda Bag‘dod va boshqa nishonlarga berilgan ommaviy aviazarbalar bilan boshlandi, shundan so‘ng AQSH boshchiligidagi koalitsiyaning quruqlikdagi kuchlari Quvaytdan Iroq hududiga bostirib kirib, mamlakatning janubiy va markaziy tumanlariga qarab harakatlandi. Hujumning rasmiy maqsadlari sifatida Saddam
Husayn hokimiyatini ag‘darish, taxmin qilingan ommaviy qirg‘in qurollarini yo‘q qilish va Iroq xalqini «ozod qilish» ko‘rsatilgan edi.
2003 yil 9-apreldayoq koalitsiya qo‘shinlari poytaxt Bag‘dodga kirdi, mamlakat hukumati tez orada o‘z faoliyatini to‘xtatdi va o‘sha yilning dekabr oyida Saddam Husayn qo‘lga olindi. 2006 yil 30-dekabrda davlat rahbari Iroq Oliy tribunali hukmi bilan osish orqali qatl etildi.





