add

Usmon Dembele «Oltin to‘p» sovrindori bo‘ldi

23.09.2025 | 09:1542884

Parijdagi tantanali marosim mahalliy PSJ klubining to‘liq triumfiga aylandi.

Usmon Dembele «Oltin to‘p» sovrindori bo‘ldi
Fransiya poytaxti Parijdagi «Shatle» teatrida France Football jurnali tomonidan o‘tkaziladigan «Oltin to‘p» va boshqa an’anaviy mukofotlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Eng nufuzli sovrin — «Oltin to‘p» bu yil PSJ hujumchisi Usmon Dembelega nasib etdi. U Fransiya chempionati va Chempionlar Ligasidagi g‘alabalari bilan klubning yetakchisi sifatida e’tirof etildi. Marosim PSJ uchun haqiqiy triumfga aylandi. Jamoa bosh murabbiyi Luis Enrike — «Eng yaxshi murabbiy», PSJ esa «Eng yaxshi jamoa» deb topildi. Chempionlar Ligasi g‘olibi bo‘lgan posbon Janluiji Donnarumma esa Lev Yashin nomi bilan ataluvchi «Eng yaxshi darvozabon» mukofotiga sazovor bo‘ldi. Dembele ortidan ikkinchi o‘rinni «Barselona»ning 18 yoshli yulduzi Lamin Yamal egalladi. U ikki yil ketma-ket «Eng yaxshi yosh futbolchi» sifatida tan olindi. Uchinchi o‘rin ham PSJ yarimhimoyachisi Vitinyaga nasib etdi. Sovrinlarni topshirish sharafi 20 yil avval «Oltin to‘p» sohibiga aylangan afsonaviy braziliyalik Ronaldinyoga berildi. Dembele uchun bu mukofot butun mavsumdagi eng oliy nuqta bo‘ldi. Qizig‘i, marosim paytida PSJ «Marsel»ga qarshi Fransiya chempionatidagi ilk mag‘lubiyatini (0:1) qayd etdi. Ayollar futbolida tarixda ilk bor «Oltin to‘p»ni uch marta qo‘lga kiritgan futbolchi aniqlandi — bu sharaf «Barselona» yarimhimoyachisi Aytana Bonmatiga nasib etdi. «Eng yaxshi jamoa» sifatida Londonning «Arsenal» ayollar klubi tan olindi. Angliya terma jamoasi murabbiyi Sarina Vigman «Eng yaxshi ayol murabbiy», «Chelsi» darvozaboni Hanna Hempton esa «Eng yaxshi ayol darvozabon» bo‘ldi. 19 yoshli Viki Lopes («Barselona») «Eng yaxshi yosh futbolchi» sifatida mukofotlandi. Yilning eng yaxshi to‘purarlari sifatida shved Viktor Dyokeresh («Sporting»dan «Arsenal»ga o‘tgan) va Ispaniyaning «Barselona» hujumchisi Eva Payor e’tirof etildi.  

Teglar

Mavzuga oid