
Usta dehqonlarga innovatsiya uchun yirik subsidiyalar beriladi
15.05.2025 | 14:0021492
O‘zbekistonda dehqonchilikda innovatsiya joriy qilgan usta dehqonlar endilikda davlat tomonidan moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi, deb belgilanmoqda Vazirlar Mahkamasining 317-sonli qarorida.

Hukumat qaroriga muvofiq, har yili 500 ta mahallada amalga oshirilgan namunaviy va innovatsion loyihalarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 100 baravarigacha grantlar ajratiladi. Usta dehqonlar tashkil etgan qisqa muddatli kurslar xarajatlari uchun esa BHMning 15 baravarigacha subsidiya beriladi.
Shu bilan birga, agar usta dehqon o‘z mahallasining kamida 50 foiz xonadonlarini eksportbop mahsulot yetishtirishga jalb qilsa, unga 100 million so‘mgacha subsidiya to‘lab beriladi. Bu mablag‘lar «Onlayn mahalla» platformasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank kartalariga o‘tkazib beriladi.
Usta dehqonlarni tanlab olish jarayoni mahalla yettiligi va hududiy mehnat organlarining tavsiyalari asosida amalga oshiriladi. Vazirlik bu tavsiyalarni 10 ish kunida ko‘rib chiqadi va munosib nomzodlarni belgilaydi.
Qarorning asosiy maqsadi — dehqonchilikda samaradorlikni oshirish, innovatsion yondashuvlarni rag‘batlantirish va mahalliy eksport salohiyatini kengaytirishdir.





