
Uy-joy orzusi yana uzoqlashadimi? Eskrou tizimi muammolarga sabab bo‘lishi tahmin qilinmoqda
18.07.2025 | 20:2029213
Eskrou hisobvaraqlari qurilish sohasida aylanma mablag‘ kamayishiga olib kelishi mumkin. Bu esa taklif qisqarishi va uy-joy narxining oshishiga sabab bo‘ladi.

Eskrou hisobvaraqlari sababli uy-joy narxi oshishi mumkin. Bu haqda Quruvchilar assotsiatsiyasi raisi Mansur Niyozmuhammedov 17 iyul kuni Savdo-sanoat palatasida o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, ushbu tizim quruvchilarning aylanma mablag‘larini kamaytiradi. Natijada qurilish sur’ati pasayishi va uy-joy taklifi qisqarishi mumkin. Bu esa bozorda talab yuqori bo‘lgan holatda, narxlarni oshishiga olib keladi.
Assotsiatsiya rahbari davlat dasturi bo‘yicha joriy yilda 135 ming xonadon topshirish rejalashtirilganini aytdi. Mablag‘ yetishmasligi bu rejaga xalaqit berishi mumkin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, eskrou hisobvarag‘idagi ulushchilar mablag‘lari hisobiga quruvchilarga imtiyozli — foizsiz yoki past foizli moliya ajratish kerak. Chunki loyihalarni moliyalashtirishda quruvchilar xavotir bildirayotgani ta’kidlandi.
Masala yechimisiz qolsa, ayrim qurilish loyihalari to‘xtab qolishi va ish o‘rinlari qisqarishi xavfi bor. Shu bois, Quruvchilar assotsiatsiyasi banklar va quruvchilarni hamkorlikka chaqirdi. Ularning fikricha, banklar investitsiya kompaniyalari tashkil etib, qurilish loyihalarida hamkor sifatida ishtirok etishi mumkin.





