add

UzAuto Motorsning yarim yillik foydasi 27,5 foizga kamaygan

06.08.2025 | 11:003083

2025 yilning birinchi yarim yilligida mamlakatning yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchisi moliyaviy natijalarda sezilarli pasayish qayd etdi.

UzAuto Motorsning yarim yillik foydasi 27,5 foizga kamaygan
Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilingan hisobotlariga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida UzAuto Motors tushumi 9,49 foizga kamayib, 21,2 trln so‘mni tashkil etdi. Yalpi foyda 22,8 foizga qisqarib, 3,43 trln so‘mga yetdi. Eng katta pasayish sof foydada kuzatildi — o‘tgan yilgi 1,91 trln so‘mdan 1,38 trln so‘mga tushib, 27,5 foizga kamaydi. Shu bilan birga, taqsimlanmagan foyda 11,2 trln so‘mdan oshdi. Sotilgan mahsulot tannarxi 6,36 foizga qisqarыp, 17,7 trln so‘mni tashkil etdi. Xarajatlar o‘tgan yil darajasida qoldi — 2,33 trln so‘m (-2,2 foiz). Shu jumladan, sotish xarajatlari 645 mlrd so‘m (-4,2 foiz), ma’muriy xarajatlar 755,6 mlrd so‘m (-4,6 foiz), boshqa operatsion xarajatlar esa 935,4 mlrd so‘m (+1,1 foiz) bo‘ldi. Kompaniyaning uzoq muddatli bank kreditlari deyarli ikki barobarga qisqarыp, 810,1 mlrd so‘mga yetdi. Biroq qisqa muddatli qarzlar (1,14 trln so‘m) va qisqa muddatli bank kreditlari (1,4 trln so‘m) keskin oshdi. Iyul oyida kuzatuv kengashi har bir aksiya uchun 522 so‘m dividend to‘lashni taklif qildi. Aksiyadorlar yig‘ilishi 141 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni ikki oy ichida to‘lashga qaror qildi. UzAuto Motors birinchi chorakda ham foydasi ikki barobarga kamayganini qayd etgandi. Iyunda esa kompaniya rahbarligida o‘zgarish bo‘lib, bosh direktor lavozimiga Yanosh Kovach tayinlandi. Avvalroq, UzAuto Motorsni 2024 yilni 314,9 mln dollarlik sof foyda bilan yakunlagani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid