
«Uzbekistan Airways» Andijon – Istanbul yo‘nalishida muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yadi
09.10.2025 | 18:304582
Andijon – Istanbul – Andijon yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam parvozlar 2025 yil 27 oktyabrdan amalga oshiriladi.

2025 yil 27 oktyabrdan «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi Andijon – Istanbul – Andijon yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam parvozlarni amalga oshira boshlaydi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Yo‘nalish bo‘yicha reyslar har dushanba va payshanba kunlari bajariladi. Yangi aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi Andijon viloyati aholisi uchun Turkiyaga safarlarni yanada qulay va tezkor etib, mintaqa xalqaro aviaaloqasini kengaytirishi kutilmoqda.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, parvozlar narxi bir tomonga 2 million 747 ming so‘mdan, ikki tomonga esa 5 million 83 ming so‘mdan boshlanadi.
Yo‘lovchilar aviachiptalarni kompaniyaning rasmiy sayti — booking.uzairways.com yoki «Uzbekistan Airways» mobil ilovasi orqali sotib olishlari mumkin. Shuningdek, aviaqatnovlar jadvali va yo‘nalish haqidagi to‘liq ma’lumot ham ushbu manbalarda joylashtirilgan.
Mazkur yo‘nalish orqali O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sayyohlik munosabatlarini yanada faollashtirish ko‘zda tutilmoqda.





