add

Uzbekistan Airways aviaparkni kengaytirmoqda: yana 4 ta Airbus A321neo xarid qilinadi

Bugun 08:181512

Xitoyning CALC lizing kompaniyasi bilan yangi shartnoma imzolandi. Ular 2027–2028 yillarda O‘zbekistonga 4 ta samolyot yetkazib beradi.

Uzbekistan Airways aviaparkni kengaytirmoqda: yana 4 ta Airbus A321neo xarid qilinadi

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Xitoyning CALC (China Aircraft Leasing Group) lizing kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirmoqda. Aviakompaniya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tomonlar 18-noyabr kuni 4 ta yangi Airbus A321neo samolyotini yetkazib berish bo‘yicha kelishuv (LOI) imzoladi. Bu samolyotlar ikki klassli komponovkada bo‘lib, 2027–2028 yillarda milliy aviakompaniya flotiga qo‘shiladi.

Yangi A321neo samolyotlari zamonaviy Airspace Premium saloni, internetga ulanish imkoniyati va raqamli ko‘ngilochar tizimlar bilan jihozlanadi. Bu orqali yo‘lovchilar parvoz davomida yuqori darajadagi servisdan bahramand bo‘lishadi. Xabarga ko‘ra, kelishuvlar Uzbekistan Airways va CALC o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikning mantiqiy davomi hisoblanadi. 2025 yilning iyunida Uzbekistan Airways CALC bilan 2026 yilda 2 ta A321 neo yetkazib berish bo‘yicha ham bitim imzolagan edi.

A321neo’lar yetkazib berilishi aviakompaniyaning 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli flotni yangilash strategiyasiga mos keladi. 2028 yil oxirigacha Uzbekistan Airways 6 ta A321neo’ni qabul qilib, ushbu turdagi samolyotlar sonini 15 taga yetkazmoqchi. Bu kompaniyaning Markaziy Osiyodagi yetakchi aviatashuvchi sifatidagi pozitsiyasini mustahkamlaydi.

Uzbekistan Airways boshqaruv raisi Shuhrat Xudoyqulov ta’kidlashicha, «CALC bilan hamkorlik flotni modernizatsiya qilish va raqobatbardoshlikni oshirishda muhim qadam hisoblanad»”. U A321neo modelini yuqori samaradorlik, zamonaviy muhandislik yechimlari va yo‘lovchilarga qulaylik jihatidan eng maqbul uchoq deb atadi.

CALC prezidenti Vinni Lyu esa Markaziy Osiyodagi loyihaga qo‘shilganidan mamnunligini bildirib, «bu kelishuv mintaqadagi mavqeimizni yanada mustahkamlaydi», deya ta’kidladi.

Avvalroq Uzbekistan Airways Vashington shahrida Boeing bilan 22 ta Dreamliner kelishuvini rasmiylashtirgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Uzbekistan Airways aviaparkni kengaytirmoqda: yana 4 ta Airbus A321neo xarid qilinadi | Vaqt.uz