add

«Uzbekistan Airways» samolyoti Krasnoyarskka favqulodda qo‘ndi

Toshkentdan Vladivostok tomon uchgan Boeing 767-300 samolyotining bir dvigateli parvoz chog‘ida ishdan chiqqani aytilmoqda.

«Uzbekistan Airways» samolyoti Krasnoyarskka favqulodda qo‘ndi

«Uzbekistan Airways» aviakompaniyasiga tegishli, ishlab chiqarilganiga 22 yil bo‘lgan Boeing 767-300 samolyoti texnik sabablarga ko‘ra Rossiyaning Krasnoyarsk shahri aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Hodisa 21-yanvar kuni parvoz xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan qaror asosida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, UK67007 raqamli samolyot HY707 reysi bilan Toshkent – Vladivostok yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilayotgan bo‘lgan. Uchish vaqtida samolyot dvigatellaridan birida texnik nosozlik aniqlangach, ekipaj vaziyatni baholab, yaqin zaxira aeroportga qo‘nish haqida qaror qabul qilgan.

Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 14:46 da Krasnoyarsk aeroportiga muvaffaqiyatli qo‘ndirilgan. Bortda jami 122 nafar yo‘lovchi hamda ekipaj a’zolari bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Samolyot qo‘nishi barcha aviatsiya xavfsizligi talablariga muvofiq, shtat rejimida o‘tgan.

Rossiya OAVlarining xabar berishicha, favqulodda qo‘nish vaqtida aeroportning barcha xizmatlari to‘liq shay holatga keltirilgan.

Rasmiy munosabat

«Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

«Texnik sabablarga ko‘ra HY707 reysi (Toshkent — Vladivostok) Krasnoyarsk shahridagi zaxira aeroportiga yo‘naltirildi», deyiladi aviakompaniyaning rasmiy Telegram kanalida.

HY707/708 reyslarining keyingi harakat jadvali va batafsil ma’lumotlar qo‘shimcha ravish e’lon qilinishi ta’kidlandi.

Teglar

Mavzuga oid