add

Uzcard yarim yilda 621,6 mlrd so‘m sof foyda ko‘rdi

22.08.2025 | 11:3013443

2025 yil birinchi yarim yillik moliyaviy hisobotlar davlat ulushi sotilgandan keyin kompaniya qiymatining keskin o‘sganini ko‘rsatmoqda.

Uzcard yarim yilda 621,6 mlrd so‘m sof foyda ko‘rdi
Uzcard xususiy to‘lov tizimi 2025 yil yanvar-iyun oylarida 621,6 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgani qayd etilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 53 foiz ko‘p. Kompaniya daromadlari esa 68,7 foizga o‘sib, 953,3 mlrd so‘mga yetgan. Yagona umumrespublika protsessing markazi (Uzcard xususiy to‘lov tizimi) 2025 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha moliyaviy hisobotida e’lon qildi. Operatsion foyda 636,4 mlrd so‘mni tashkil etib, 59,7 foizlik o‘sishni ko‘rsatgan. Yarim yillik hisobotga ko‘ra, kompaniya 300 mlrd so‘mni dividend sifatida to‘lab, bitta aksiya uchun 6 000,14 so‘m taqdim etgan. Bu nominal qiymatdan olti baravar ko‘pdir. Taqsimlanmagan foyda 730,5 mlrd so‘mga chiqib, 2,8 barobar o‘sgan. Aktivlar qiymati ham jadal oshib, qariyb 1 trln so‘mga yaqinlashgan. Bu raqamlar Uzcardning mamlakatdagi moliyaviy ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi. 2022 yilda kompaniyaning 75 foiz davlat ulushi 210,1 mlrd so‘mga sotilgan edi. O‘shanda Uzcard 280 mlrd so‘mga baholangan. Biroq hozirgi moliyaviy natijalarga ko‘ra, yarim yillik sof foyda sotuv narxidan deyarli uch barobar yuqori bo‘lib chiqdi. Solishtirish uchun, raqobatchi Humo 2025 yilning birinchi yarim yilligida 124,3 mlrd so‘m sof foyda qayd etgan edi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 73 foiz ko‘p bo‘lib, asosan ikkinchi chorakda tariflar oshishi hisobiga ta’minlangan.

Teglar

Mavzuga oid