
Uztelecom Humans davosiga javob berdi
05.06.2025 | 13:2023233
«Humans virtual operatori Uztelecom tarmog‘idan foydalanib, daromad topsada uni xarajatlarini to‘lashni ortga surib kelmoqda» — deya Uztelecom matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Humans» MCHJ virtual mobil operatori 2020 yildan buyon Uztelecom AK tarmog‘idan shartnoma asosida foydalanib, o‘z infratuzilmasini yaratmagan holda mobil xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda. Biroq kompaniya xizmatlardan olingan daromadga qaramay, to‘lovlarni kechiktirib, katta miqdorda qarzdorlik yig‘ilganini qayd etgan.
Uztelecom rasmiy bayonotida, Humans boshqa operatorlar — Ucell, Beeline, Mobi.uz bilan ham ishlashi mumkinligini, ya’ni bozordagi raqobatda o‘z tanloviga ega ekanini ta’kidladi. Kompaniya internet narxlarini pasaytirish bo‘yicha olib borilgan islohotlarni misol qilib keltirib, 2017–2024 yillarda 1 Mbit/s narxi 40 barobarga arzonlashtirilganini takidlagan.
Kompaniya ma’lum qilishicha, Humans uzoq yillar davomida shartnoma talablarini buzib kelgan, xizmatlar uchun to‘lov qilmagan. Iste’molchilar manfaatini hisobga olgan holda Uztelecom xizmat ko‘rsatishni to‘xtatmagan. Ammo keyinchalik zararni cheklash va qarzni undirish maqsadida 8 may kuni Toshkent shahar iqtisodiy sudiga da’vo kiritgan va sud qarzdorlikni undirish yuzasidan qarorini elon qilgan.
Shu bilan birga, Uztelecom noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatiladigan bo‘lsa, o‘z obro‘sini himoya qilish uchun sudga murojaat qilish huquqini saqlab qolishini ma’lum qildi. Kompaniya ochiqlik, adolatli raqobat va qonunlarga amal qilish tamoyillariga sodiq ekanini bildirib, Humans kabi bozor ishtirokchilari bilan konstruktiv muloqotga tayyorligini bildirdi.





