
Uzum Amerika jamg‘armasidan 25 mln dollar investitsiya jalb qildi
Kompaniya ushbu sarmoya mablag‘larini raqamli banking va to‘lov infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirishini ma’lum qildi.

Uzum kompaniyasi rivojlanayotgan bozorlardagi yetakchi xalqaro investorlardan biri – Amerikaning VR Capital fondidan 300 milliard so‘mni (25 mln dollar) jalb qildi. Bu jamg‘armaning Uzum'ga kiritgan ikkinchi sarmoyasi ekanligi qayd etildi.
Kompaniyaga ko‘ra, mazkur jalb qilingan mablag‘lar raqamli banking, to‘lov infratuzilmasi va iste’mol kreditlari rivojlanishini tezlashtirish uchun ishlatiladi.
«Milliy valyutada moliyalashtirishni jalb qilish alohida ahamiyatga ega. Bu xalqaro hisob-kitoblarda so‘mning rolini kuchaytiradi va mamlakatda korporativ moliyalashtirishning barqarorligini oshiradi», deyiladi kompaniya xabarida.
Qayd etilishicha, bugungi kunda Uzum xizmatlaridan 20 million o‘zbekistonlik foydalanadi.
Avvalroq Uzum kompaniyasi aksiyalarini London fond birjasiga joylashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgandi.
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida Uzum kompaniyasi 74,5 mlrd so‘m soliq to‘ladi.





