
Uzum Bank va DemirBank fintex sohasida strategik hamkorlik boshladi
20.05.2025 | 18:457873
Qirg‘izistonning DemirBank banki va O‘zbekistondagi yetakchi raqamli moliya institutlaridan biri — Uzum Bank, Markaziy Osiyoda fintex xizmatlarini rivojlantirish maqsadida strategik sheriklikni boshladi.

Hamkorlik doirasida mintaqada raqamli bank xizmatlarini ommalashtirish, mijozlar uchun qulay va xavfsiz moliyaviy yechimlar yaratish rejalashtirilgan. Umumiy maqsad — transchegaraviy pul o‘tkazmalari, raqamli to‘lovlar va mijozlarga mo‘ljallangan zamonaviy servislar uchun yagona texnologik muhit barpo etish.
Loyihaning dastlabki bosqichlaridan biri — ikki davlat o‘rtasida tez va oson amalga oshiriladigan transchegaraviy pul o‘tkazmalari tizimini yaratishdir. Bu xizmat Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi moliyaviy integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
DemirBank vakillari hamkorlikni oddiy shartnoma emas, balki raqamli kelajak sari qo‘yilgan strategik qadam sifatida baholamoqda. Ular fintex sohasida innovatsion yechimlarni yaratish orqali mijozlar hayotida real qiymat yaratishni maqsad qilgan.
Uzum Bank esa o‘z infratuzilmasi va lokallashtirilgan moliyaviy mahsulotlar yaratishdagi tajribasi bilan mintaqada yangi sifat darajasidagi yechimlarni joriy etishga harakat qilmoqda. Kompaniya o‘z yechimlari nafaqat O‘zbekiston va Qirg‘izistonda, balki butun Markaziy Osiyodagi istiqbolli bozorlarga ham mo‘ljallanganini ta’kidlamoqda.





