
«Vatanga qaytarish» aksiyasi boshlandi: og‘ir ahvoldagi o‘zbekistonliklar uyiga olib kelinadi
01.08.2025 | 10:3022532
Mazkur tashabbus doirasida chet elda qiyin ahvolda qolgan fuqarolarni vatanga olib kelish va ularni jamiyatga qayta moslashtirish maqsad qilingan.

2025 yil 30 iyuldan 30 avgustga qadar O‘zbekistonda «Vatanga qaytarish» nomli keng ko‘lamli xayriya aksiyasi o‘tkazilmoqda. Bu tashabbus 30 iyul — Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan tashkil etildi.
Aksiya O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, Bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, aksiya doirasida xorijiy davlatlarda og‘ir ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish va samarali reintegratsiya jarayonlarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Mazkur loyihaga murojaat qilish uchun quyidagi manzil va kanallar ishga tushirilgan:
– Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining xorijdagi vakolatxonalari;
– O‘zbekistonning xorijdagi vakolatxonalari va konsullik muassasalari;
– Telegram orqali: @huquqiy_yordam_uzbot;
– Qisqa raqam: 12-82.





