
Vengriya va Slovakiya Rossiya neftisiz qoldi
23.08.2025 | 23:0047033
«Drujba» neft haydash quvuriga hujum tufayli Rossiya neftini yetkazib berish vaqtincha to‘xtatildi. Vengriya va Slovakiya uchun bu asosiy ta’minot manbai bo‘lib, uzilish kamida besh kunga cho‘zilishi mumkin.

Vengriya va Slovakiyaga Rossiya neftini yetkazib beruvchi «Drujba» quvuridagi yetkazib berishlar vaqtincha to‘xtatildi. Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyartoning ma’lum qilishicha, Rossiya va Belarus chegarasidagi quvur infratuzilmasiga qilingan hujum bu qarorga sabab bo‘lgan.
Ushbu ikki mamlakatda dengiz porti yo‘qligi bois neft asosan «Drujba» quvuri orqali Rossiyadan haydaladi. Yevropa Ittifoqi Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalar joriy etgan bo‘lsa-da, Vengriya, Slovakiya va Chexiya uchun bu yo‘ldan importga istisno berilgan.
Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomazning bildirishicha, Unecha shahri yaqinida, neft haydash markazi joylashgan hududda yong‘in sodir bo‘lgan. U hujum HIMARS birvarakayiga o‘t ochish raketa tizimlari va dronlardan iborat «kombinatsiyali hujum» natijasi ekanini ma’lum qildi.
«Yong‘in bartaraf etildi», — deb yozgan u keyinroq o‘zining Telegram kanalida.
Ma’lumot uchun: «Drujba» neft haydash quvuri Tataristonning Olmetyevsk shahridan boshlanib, Belarus orqali ikki yo‘nalishga bo‘linadi. Shimoliy tarmoq Polsha va Germaniyaga boradi, lekin sanksiyalar tufayli bu yo‘lda yetkazib berish to‘xtatilgan. Janubiy yo‘nalish esa Ukraina orqali Vengriya, Slovakiya va Chexiyaga neft yetkazib beradi.
Hozirda ta’minot uzilishi kamida besh kun davom etishi kutilmoqda. Boshqa yo‘nalishlar va manbalar mavjud emasligi bu davlatlar uchun xavotir uyg‘otmoqda.





