
Vengriya va Slovakiya YeIdan Alisher Usmonov va boshqalarga sanksiyani bekor qilishni so‘radi
04.09.2025 | 16:2045433
Vengriya va Slovakiya Yevroittifoqdan rossiyalik biznesmenlarga qarshi sanksiyalarni bekor qilish evaziga boshqa cheklovlarni uzaytirishni taklif qilmoqda.

RadioFreeEurope ma’lumotiga ko‘ra, Vengriya va Slovakiya Yevroittifoqdan rossiyalik olti biznesmenga nisbatan joriy etilgan shaxsiy sanksiyalarni bekor qilishni so‘ragan. Bu taklif boshqa sanksiyalarni uzaytirish evaziga berilgan.
Vengriya Dmitriy Mazepin, Pyotr Aven, Musa Bajayev va Albert Avdolyanni «qora ro‘yxat»dan chiqarishni xohlamoqda. Slovakiya esa Alisher Usmonov va Mixail Fridmanga nisbatan cheklovlarni bekor qilishni taklif etgan.
Ayni paytda YeIning boshqa davlatlari bir yoki ikki biznesmenni ro‘yxatdan chiqarishni taklif qilgan, lekin Budapesht va Bratislava bu rejani qabul qilmagan. Endi masala bo‘yicha muzokaralar YeI yelchilari o‘rtasida davom etadi.
YeS sanksiyalari har olti oyda — mart va sentyabrda barcha a’zo davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullanishi talab etiladi. Ilgari Vengriya va Slovakiya o‘z veto huquqidan foydalanib, bir necha shaxslarni ro‘yxatdan chiqartirishga erishgan. Ular orasida Vyacheslav Kantor, sport vaziri Mixail Degtyaryov, Alisher Usmonovning singlisi va «Vagner» rahbarining onasi ham bor.
Yevrosud Usmonovning sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha ikkinchi shikoyatini ham rad etdi. Sud YeSning ikkinchi darajali manbalarga tayanganini asosli deb topgan. Shu bilan birga, Aven va Fridman avvalgi sanksiya qarorlarini bekor qildirgan, lekin keyingi cheklovlar ularga nisbatan hali ham kuchda qolmoqda.





